IIV Qashqadaryo akademik litseyida vazirlik Birlashgan tahririyati tomonidan nashrga tayyorlangan “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda Birlashgan tahririyat, viloyat IIB va sohaviy xizmatlar xodimlari, faxriylar hamda litsey oʻquvchilari ishtirok etdi. 

Tadbir viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Shermuhammad Tursunov ochib, soʻnggi yillarda soha xodimlari oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga alohida eʼtibor berilayotganini taʼkidladi. Shuningdek, Birlashgan tahririyat bosh muharriri oʻrinbosari, mayor Azizjon Fayziyev soʻzga chiqib, kitobni tayyorlash va nashr etish jarayonlariga toʻxtaldi. Kitobdan sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash borasida samarali xizmat qilgan, ibratli umr kechirgan faxriylar haqidagi maqolalar oʻrin olganini qayd etdi. 

Samimiy ruhda oʻtgan tadbirda viloyat IIB Faxriylar kengashi aʼzolari – isteʼfodagi podpolkovniklar Amir Xushvaqtov va Pirmat Ahmedov yangi kitob kelajak avlod uchun muhim manba, yosh xodimlar uchun tajriba maktabi vazifasini oʻtashini bildirdi. 

Sodiq RAHIMOV,

“Postda” muxbiri.

Qashqadaryo viloyati.