Millat DNKsi

Geraldika – chiroyli tasvirlar, geometrik shakllar yoki ranglar yigʻindisi emas. U millat DNKsining, siyosiy va tarixiy irodasining vizual kodidir. Tarixga nazar tashlasak, qadimgi Rim legionlari oʻz burgutlarini, turkiy otliqlar oʻz tugʻlarini koʻz qorachigʻidek asragan. Ular uchun tugʻning qulashi – saltanatning qulashiga teng boʻlgan.

Koʻplab imperiyalar va buyuk saltanatlar davlat timsollariga qurol-yarogʻlar, yirtqich hayvonlar yoki jallod boltalarini tushirish orqali oʻz qudratini tajovuzkorlik bilan koʻrsatishga uringan. Biroq oʻzbek davlatchiligining tomirlari­da butunlay boshqacha falsafa oqadi. Buyuk Sohibqiron Amir Temur oʻz saltanati tamgʻasi sifatida qilichni emas, balki adolat, barqarorlik hamda dunyoning uch iqlimidagi uygʻunlikni ang­latuvchi «uch halqa»ni tanlagani bejiz emas. Ajdodlarimiz qudratni yalangʻoch kuchda emas, adolat va maʼrifatda deb bilgan. Bugungi gerbimiz esa ana shu fundamental tarixiy xotiraning zamonaviy, yangilangan va yanada mukammal koʻrinishidir.


Tanlov va tarixiy burilish

1992-yilning yozi... Mustabid tuzum yemirilib, iqtisodiy va ijtimoiy inqirozlar girdobida qolgan, hali oʻz qaddini toʻla tiklab ulgurmagan yangi davlatning dunyo sahnasidagi qiyofasi yaratilayotgan oʻta murakkab davr. Oliy Kengashning oʻninchi sessiyasidagi bahslar rassomlarning chizmalari ustidagi oddiy munozara emas, balki millatning kelajak geosiyosiy, mafkuraviy va maʼnaviy yoʻna­lishini belgilash yuzasidan jiddiy tortishuvlar edi.

Oʻsha tarixiy lahzalarda baʼzi ekspertlar gerb markaziga burgut yoki lochin singari yirtqich qushlar tasvirini joylashtirishni taklif qilganda, Erkin Vohidov singari millat ziyolilari, tarixchilarimiz bunga qatʼiy qarshi chiqqandi. Sababi teran edi: Oʻzbekiston hech qachon bosqinchilik ruhidagi, oʻzgalar hududi va boyligiga koʻz olaytiruvchi davlat boʻlmaydi. Bu zamin – bunyodkorlar, olimlar va mehnatkash dehqonlar yurti. Shuning uchun muhokamalarda agressiyani ifodalovchi yirtqichlar emas, balki qayta tirilish, mehr va hurlik elchisi boʻlmish afsonaviy Humo qushi markaziy figura sifatida qabul qilindi.

Bu tarixiy tanlov bugungi ichki ishlar organlarining bosh mafkura­siga naqadar mos tushadi! Tizim­ning maqsadi ham fuqarolarni jazolash, qoʻrqitish yoki repressiv usullarni qoʻllash emas, balki ularning tinch va baxtiyor hayotini – Vatan osmonida Humo qushining xotirjam parvozini taʼminlash, jamiyatda ezgulikni himoya qilishdir.


Oʻxshashi yoʻq qiyofa

Jahon geraldika tajribasida gerblar koʻpincha geraldik qal­qon ichiga joylanadi. Qalqon esa – zarbani qaytarishga, urushga shaylikni va yopiqlikni bildiruvchi element. Eʼtibor bering, Oʻzbekis­ton gerbi qalqon shaklida emas! U mukammallik, uzluksiz hayot siklini anglatuvchi doira shaklida yaratilgan. Bu – bizning davlat sifatida hech kim bilan kurashish niyatida emasligimizni, balki global uygʻunlikning bir qismi ekanimizni namoyon etadi.

Gerbdagi quyosh va togʻlar od­diy manzara emas – bu 39 million nafar aholi yashayotgan buyuk makonning jonli panoramasi. Ikki buyuk daryo – Amudaryo va Sirdaryo shunchaki suv manbayi emas, ular moziydan kelajak sari oqayotgan vaqt neʼmati, avlodlar oʻrtasidagi uzviylik rishtasidir. Sakkiz qirrali yulduz doxil barcha elementlar birlashib, yaxlit bir tizimni – tinchlik va farovonlik ekotizimini hosil qiladi.


«Vijdon detektori»

Bugungi kunda ichki ishlar organi xodimi boʻlish faqatgina qonunlarni yod bilish, jismoniy tayyorgarlikka ega boʻlish yoki quroldan foydalana olishni talab qilmaydi. Eng muhimi – yelkaga ortilgan maʼnaviy yukni koʻtara olish­dir. Fuqaro koʻchada huquqbuzarlikka duch kelganda, kimdandir zulm koʻrganda yoki shunchaki adolat istab ichki ishlar boʻlimiga kirib kelganda, avvalo davlatga murojaat qiladi. Uning nazarida, qarshisida turgan oddiy profilaktika inspektori, tezkor vakil yoki tergovchi – bu butun boshli mamlakatda qonun usuvorligini taʼminlovchi tizimning muhim boʻgʻinidir.

Xodim formasidagi gerb – bu oʻziga xos «vijdon detektori». Ushbu belgini taqib yurgan insonning qonunni buzishga, fuqaroga qoʻpol muomala qilishga, vakolat doirasidan chetga chiqishga yoki korrupsiyaga qoʻl urishga nafaqat yuridik, balki maʼnaviy haqqi yoʻq. 


Ishonch va mafkuraviy immunitet qalqoni

Bugun Yangi Oʻzbekistonning aholisi 39 millionlik dovondan oshdi va jadal oʻsishda davom etmoqda. Bu raqam ortida katta ijtimoiy masʼuliyat yotibdi. Bu degani – ichki ishlar organlari zimmasida 39 million xil taqdir, shuncha qarash va odamning xavfsizligi uchun kundalik javobgarlik bor.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston bugun dunyoga ochildi, xalqaro integratsiya jarayonlari tezlashdi. Yurtimizga har kuni minglab xorijiy sayyohlar, investorlar va mehmonlar tashrif buyurmoqda. Aeroportdan tortib to markaziy maydonlargacha xorijlik mehmon eng koʻp duch keladigan davlat vakili – ichki ishlar organlari xodimidir. Xodimning formasidagi gerb bu oʻrinda davlatning suvereniteti, uning barqarorligi va mehmondoʻstligining xalqaro yuziga aylanadi. Xodimning madaniyati, tabassumi hamda yordamga shayligi orqali chet ellik inson gerbdagi Humo qushi timsoli haqiqatan ham xalqning tabiatida borligiga amin boʻladi.

Globallashuv asrida, axborot xurujlari, kiberjinoyatlar va turli yot gʻoyalar chegara bilmay avj olgan bir paytda, yoshlar ongida mafkuraviy immunitetni qanday shakllantirish mumkin? Faqatgina baland minbarlardan aytiladigan shiorlar yoki pand-nasihatlar bilan emas, albatta! Vatanparvarlik­ning eng kuchli, eng taʼsirchan targʻiboti qonunga sodiq, adolatli, korrupsiyadan yiroq va xalqparvar ichki ishlar organlari xodimining shaxsiy namunasidir.

Maktab yoshidagi oʻsmir oʻz mahallasidagi profilaktika inspektorining halol va fidokorona xizmatini, uning odamlarga xolis yordam berayotganini koʻrsa, 

uning kiyimidagi gerb­ga, demakki, oʻz Vataniga nisbatan ichki hurmat va mutlaq ishonch bilan ulgʻayadi. Ishonch bor joyda esa hech qan­day yot mafkura, hech qanday buzgʻunchi gʻoya ildiz ota olmaydi. 


Xulosa oʻrnida

Davlat gerbi – moziydan sado beruvchi, bugungi kunimizni nurlantiruvchi hamda kelajak avlodlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi maʼnaviy mayoqdir. Undagi har bir chiziq, har bir rang va shakl ajdodlar qoni, mashaqqatli mehnati va buyuk orzulari bilan yaratilgan. Undagi har bir maʼno bizning bugungi tinchligimizni taʼminlab, jamiyatni ertangi kun sari ishonch bilan boshlab bormoqda. Gerbni eʼzozlash – qonunni eʼzozlash, inson qadrini ulugʻlash demakdir.


Hamid GʻOYIPOV