IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati bosh inspektori, podpolkovnik Gʻayrat Abdullayev 16 yildan buyon ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib kelmoqda. U 2023-yili IIV Akademiyasi magistraturasida tahsil olgan tinglovchisi sifatida ham oʻz ustida tinimsiz izlanish olib borgan malakali kadrlardan. Turmush oʻrtogʻi Malika Abdullayeva esa IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ingliz tili fani oʻqituvchisi. «Xalq taʼlimi aʼlochisi» koʻkrak nishoni sohibasi, oliy toifali, xalqaro ingliz tili oʻqituvchisi hisoblanadi. U 2024-yilda Vebster universitetini tamomlagan. Bu oilada ota-ona «oʻqish tugadi» degan chegarani tan olmaydi.
Shu bois oʻgʻli Javohirning ilm olishi, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishi, kelajakda yetuk va salohiyatli kadr boʻlib yetishishi uchun imkon qadar barcha sharoitlarni yaratishga intildi. Shu maʼnoda Javohirning bugungi muvaffaqiyatida oilaviy muhitning oʻrni beqiyos. Bu oilada xizmat – burch, ilm – qadriyat, mehnat – hayot tarzi, natija esa – masʼuliyat sifatida qadrlanadi. Ana shunday taʼsirda ulgʻaygan farzandning orzulari ham oddiy boʻlib qolmadi.
2026-yili «El-yurt umidi» jamgʻarmasining birinchi ochiq stipendiya tanlovida 18 mingdan ortiq nomzod roʻyxatdan oʻtdi. Test va suhbat bosqichlarida yuqori natijalarni qayd etgan 210 nafar iqtidorli yoshlar «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindori» deb eʼtirof etildi. Ular orasida Javohir Abdullayevning ham borligi oilaning koʻp yillik mehnati va farzandning izlanishlari samarasi boʻldi.
Javohir bu natijaga bir kunda erishgani yoʻq. U Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchisi boʻlib, xalqaro ingliz tili imtihonida IELTS 7.0, xalqaro matematika imtihonida esa SAT 1480 ball natijasini qayd etgan. Uning yutuqlari faqat xalqaro sertifikatlar bilan cheklanmaydi. Oʻtgan yili Yangi Oʻzbekiston universiteti va IT Park hamkorligida tashkil etilgan Open Data Hakaton chempionatida faxrli 2-oʻrinni egalladi. Joriy yilda esa «Harvard Business Case Competition» tanlovining yarim finalchisi boʻldi. Oʻquvchilik davrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab volontyorlariga boshchilik qildi. Bu faktlar bir narsani koʻrsatadi: Javohir uchun bilim faqat sinfxona va darsliklar bilan cheklanmagan. U oʻrganganlarini sinab koʻrishga, jamoa bilan ishlashga, tashabbus koʻrsatishga va yetakchilik masʼuliyatini zimmasiga olishga intiladi.
Javohir Abdullayev «El-yurt umidi» stipendiyasi orqali 2026-yil reytingida 55-oʻrinni egallagan Nyu-York universitetining Shanxaydagi filialida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi. Mazkur filial xalqaro taʼlim muhiti bilan ajralib turadi. Bu yerda xitoylik talabalar bilan bir qatorda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan kelgan yoshlar tahsil oladi. Bunday muhit Javohir uchun yana bir katta maktab. Negaki, u nafaqat yangi bilimlarni egallaydi, balki dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan tengdoshlari bilan fikr almashadi, yangi gʻoyalar bilan tanishadi, xalqaro loyihalarda oʻzini sinaydi.
«El-yurt umidi» stipendiyasi gʻolibi boʻlish – katta sharaf. Endi Javohir oldida dunyoning nufuzli taʼlim muhitlaridan birida bilim olish, yangi texnologiyalarni oʻrganish, turli madaniyat va qarashlar bilan tanishish, oʻz imkoniyatlarini yanada kengaytirish vazifasi turibdi. Ammo bu yoʻlning eng muhim manzili – yetuk va salohiyatli kadr boʻlib Vatanga qaytish, albatta.
Dilrabo ABDUHAMIDOVA,
mutaxassis-muxbir,
katta leytenant.