Payshanba, 2026-yil 10-Sentabr USD 11813,21 so‘m EUR 13719,86 so‘m RUB 136,71 so‘m
⚙ Maxsus imkoniyatlar
Rang sxemasi
Shrift o‘lchami
Tezkor

Tahririyat tarixi

«Postda», «На посту» gazetalari va «Qalqon», «Щит» jurnallari birlashgan tahririyati

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan «Postda» va «На посту» gazetalarini qayta tiklashga qaror qilingach, 1991-yil 1-yanvarda ikki tilda alohida chop etilgan nashrlarning ilk soni ichki ishlar organlari xodimlari va keng jamoatchilikka yetib bordi. Ayniqsa, mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, IIV nashrlarida ichki ishlar organlarining moddiy-texnik jihatdan ta'minlanishi, amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlarni to'laqonli yoritish borasida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Dastlab to'rt sahifadan iborat bo'lgan gazetalarni haftada uch marta chiqarish yo'lga qo'yildi. Tahririyat moddiy-texnika bazasi mustahkamlangach, sahifalar soni sakkiztaga yetkazildi, keyinchalik esa 16 sahifada chop etila boshlandi.

1998-yilning mart oyida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug'i bilan «Postda» va «На посту» gazetalari tahririyati negizida respublika IIV Birlashgan tahririyati tashkil etildi. O'sha yili sentabr oyida «Qalqon» va «Щит» jurnallarini chop etish yo'lga qo'yildi.

Gazetalarning tashqi sahifalari, jurnallar esa to'la hajmda rangli chop etila boshlandi. Gazeta va jurnallarda berilayotgan materiallarning saviyasi yaxshilandi, mundarijasi kengaytirildi, maqolalarning har bir nashr uchun alohida-alohida, aynan bir-birini takrorlamaydigan qilib tayyorlanishiga e'tibor kuchaytirildi, dizayni zamon talablariga javob beradigan darajaga keltirildi.

«Qalqon» va «Щит» jurnallarida ichki ishlar idoralari xodimlarining mashaqqatli xizmati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni tahliliy yoritish, xorijiy davlatlar ichki ishlar idoralari tizimlari faoliyatiga bag'ishlangan materiallar, sud ocherklari, badiiy iqtidorga ega ichki ishlar organlari xodimlarining ijodidan namunalar chop etib borishga alohida e'tibor qaratildi.

Tahririyat jamoasi tomonidan bir qator kitoblar ham nashr etilgan. «IIV Birlashgan tahririyati kutubxonasi» turkumida gazeta va jurnallarda chop etilgan qissalar, hikoyalar, sud ocherklari va qatralardan iborat «Qopqon», «Buzg'un» to'plamlari, xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan ichki ishlar idoralari xodimlariga bag'ishlangan «Qahramonlar mangu yashaydi» to'plami, rus tilida bosmadan chiqqan ikki jildlik sara xorijiy detektivlar shular jumlasidandir.

Ayni damda «Postda» va «На посту» gazetalarining umumiy adadi qariyb 70 mingtadan, «Qalqon» va «Щит» jurnallarining umumiy adadi esa 20 mingtadan oshdi.

Gazeta-jurnallardagi o'zgarishlar mushtariylarga ma'qul bo'lmoqda. Tahririyat ijodiy jamoasi, tajribali jurnalist va xodimlar o'z oldilariga qo'yilgan vazifalarni bajarish uchun bor bilim va tajribalarini ishga solishmoqda. IIV nashrlari bundan-da sifatli va mazmundor bo'lishiga erishish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda faoliyat yuritishayapti.