Insoniyat tarixiga nazar tashlar ekanmiz, birorta jamiyat kitobsiz va ilmsiz yuksaklikka erishmaganiga guvoh boʻlamiz. Kitob – shunchaki qogʻoz va harflar jamlanmasi emas, balki ajdodlardan avlodlarga meros boʻlib kelayotgan bilim, tajriba va hikmatlar xazinasidir. «Kitob – maʼnaviyat koʻzgusi» degan hikmat ibora zamirida juda chuqur maʼno mujassam. Koʻzgu insonning tashqi qiyofasini aks ettirsa, kitob uning ichki dunyosi, maʼnaviy olamini namoyon etadi.

Madaniyat va maʼrifat gʻoyat keng tushunchalar boʻlib, ularning oʻzak va tayanch nuqtasini mutolaa tashkil etadi. Inson oʻz dunyoqarashini boyitishga, tarix va kelajakni anglashga doimo ehtiyoj sezadi. Bu ehtiyoj esa faqat va faqat mutolaa orqali qondiriladi.

Globallashuv davrida kitobxonlik madaniyati umumiy madaniyatning magʻziga aylandi. Ayniqsa, ichki ishlar organlari xodimlarini yuksak kasb madaniyati sohibi etib tarbiyalashda, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat hamda istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhini shakllantirishda kitobning oʻrni beqiyos. Zero, kitobxon xodim – mustaqil fikrlovchi, huquqiy ongi yuksak va xizmat burchiga sadoqatli shaxsdir.

Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi tizimida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, xodimlar oʻz ustida ishlashi uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Davlat rahbarining sohaga oid qaror va farmonlari bu boradagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi. Yosh xodimlar, harbiy xizmatchilar hamda kursantlar oʻrtasida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi mutolaaga boʻlgan ishtiyoqni oshirishda muhim oʻrin tutmoqda.

Shuningdek, haftaning juma kunida joriy etilgan maxsus «oʻz ustida ishlash va kitobxonlik soati» xodimlarning muntazam bilim olishini taʼminlamoqda. Vazirlikda zamonaviy elektron kutubxona yangidan tashkil etilib, unga minglab badiiy, ilmiy va huquqiy adabiyotlar kiritildi. Eng muhimi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bazasi bilan integratsiya taʼminlangani xodimlar uchun katta imkoniyat eshigini ochdi.

Ayni damda tizimda 50 dan ortiq axborot-kutubxona markazlari faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy kitob fondi 675 mingdan ziyod noyob adabiyotlar bilan boyitilgan. 

Quvonarlisi, tizimda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar nafaqat xodimlar, balki ularning oila aʼzolari hayotida ham oʻz aksini topmoqda.

Buning yorqin misollaridan biri – Buxoro viloyati Peshku tumani IIB profilaktika inspektori, mayor Nasim Bogʻiyevning 13 yoshli qizi Farzona Nosirovaning yutugʻidir. U «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritib, Prezident sovgʻasi – «BYD Chazor» avtomobili bilan taqdirlandi. Farzonaning ushbu yuksak natijaga erishishida ota-onasining mehri, tarbiyasi va doimiy qoʻllab-quvvatlashi muhim oʻrin tutdi. Bu yutuq, avvalo, oiladagi sogʻlom maʼnaviy muhit va kitobga boʻlgan muhabbatning yorqin namunasidir.

Ichki ishlar organlari xodimlarining kundalik faoliyati oʻta masʼuliyatli va mashaqqatli. Huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, yurt tinchligini taʼminlash zamirida chuqur bilim va yuksak maʼnaviyat yotadi. Kitob mutolaasi esa xodimning kasbiy mahoratini oshirish bilan birga uning insoniy fazilatlarini ham boyitadi.

Kitobga boʻlgan mehr – bu Vatanga boʻlgan muhabbatning yuksak koʻrinishidir. Shu bois vazirlik tizimidagi kutubxonalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish, mutolaani hayot tarziga aylantirish har bir xodimning sharafli burchiga aylanishi lozim. Zero, maʼnaviyati yuksak xodimgina xalqimizning baxt-saodati va yurtimiz tinchligini astoydil himoya qila oladi.

Xulosa oʻrnida aytganda, ichki ishlar organlarida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish orqali huquqiy, siyosiy va maʼrifiy bilimlarni oshirish – davr taqozosi. Bu yoʻlda sobitqadamlik, oʻz ustida muntazam ishlash va shaxsiy javobgarlikni his etish talab etiladi. Zero, kitob bizning maʼnaviy qalqonimiz, kasbiy kamolotimizning eng ishonchli yoʻldoshidir.


Feruz YOʻLDOSHOV,

oʻz muxbirimiz.