Xavfsizlik endi faqat chegarada emas
Bugungi dunyoda xavfsizlik tushunchasining doirasi ancha kengaydi. Ilgari u asosan chegara, armiya va qurol bilan bogʻlangan boʻlsa, hozir bunga iqtisodiy barqarorlik, oziq-ovqat va energetika taʼminoti, axborot makoni, kiberxavfsizlik, jamoat tartibi, yoshlar tarbiyasi va huquqiy madaniyat ham kiradi.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda jahonda harbiy xarajatlar 2 trillion 887 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu qurollanish va xalqaro ishonchsizlik kuchayib borayotganidan dalolat.
Barqarorlik kafolati
Oʻzbekistonda Vatan himoyasi konstitutsiyaviy majburiyatdir. Asosiy qonunimizda mamlakatni himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi belgilangan. Ayni paytda «yetarli darajada Qurolli Kuchlar» tamoyili xavfsizlik siyosatimiz hujumkorlikka emas, oʻzini ishonchli himoya qilishga qaratilganini koʻrsatadi.
Soʻnggi yillarda xavfsizlikning huquqiy asoslari sezilarli kengaydi. «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi, Qurolli Kuchlar harbiy nizomlarining yangilanishi, kiberxavfsizlik hamda davlat sirlariga oid yangi qonunlarning qabul qilinishi xavfsizlik endi faqat harbiy qonunlar bilan cheklanmasligini, balki kibermakon, axborot va fuqarolik masʼuliyatini ham qamrab olayotganini tasdiqlaydi.
Mintaqa va tashqi siyosat
Oʻzbekistonning xavfsizligini Markaziy Osiyo mintaqasidagi umumiy barqarorlikdan ajratib boʻlmaydi. Suv va energetika, transport, savdo, migratsiya masalalari butun mintaqaga daxldor. Shu bois qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishidir. 2025-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda uni «Markaziy Osiyo hamjamiyati» strategik formatiga aylantirish taklifi mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Tashqi siyosatda mamlakatimiz bir tomonlama qaramlikni emas, milliy manfaatga asoslangan koʻp vektorli yoʻlni tanlagan. Rossiya bilan strategik sheriklik, Xitoy bilan keng koʻlamli hamkorlik, AQSH bilan «C5+1» formati, Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik – bularning barchasi muvozanat asosida qurilgan. Bu esa xavfsizlikni harbiy yoʻl bilan emas, diplomatiya, iqtisodiy manfaatdorlik va ishonch orqali taʼminlashning samarali vositasidir.
Eng muhim vazifa
Davlatning tashqi xavflarga chidamliligi, avvalo, uning ichki barqarorligiga bogʻliq. Ichki barqarorlik esa faqat kuch tuzilmalari faoliyati bilan emas, balki adolatli qonunlar, ijtimoiy himoya, taʼlim, mahalla instituti, sogʻlom oila muhiti va huquqiy madaniyat bilan taʼminlanadi.
Ayni shu nuqtada ichki ishlar organlarining oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi. Jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ekstremizm va radikallashuvning oldini olish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish – bularning barchasi milliy xavfsizlikning ichki ijtimoiy poydevoridir. Shu maʼnoda ichki ishlar organlari milliy xavfsizlik tizimining muhim ijtimoiy-huquqiy boʻgʻini hisoblanadi.
Axborot asrida xavfsizlikka hissa qoʻshish har bir fuqaroning qoʻlida. Soxta xabarga ishonmaslik, axborotni tekshirish, kibergigiyenaga rioya qilish, jamoat tartibini hurmat qilish, qonunbuzarlikka befarq boʻlmaslik, farzand tarbiyasiga masʼul boʻlish – bularning har biri Vatan xavfsizligiga qoʻshilgan hissadir. Ayniqsa, yoshlarni bilimli, kasb-hunarli, huquqiy ongli va vatanparvar etib tarbiyalash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Taqsimlangan masʼuliyat modeli
Yuqoridagilardan kelib chiqib, milliy xavfsizlikni «taqsimlangan masʼuliyat modeli» sifatida tasavvur etish mumkin. Unda armiya – harbiy qalqon, qonun – huquqiy tayanch, diplomatiya – tashqi halqa, barqaror iqtisodiyot – moddiy zamin, axborot madaniyati – raqamli himoya, vatanparvarlik va huquqiy ong esa maʼnaviy ustundir. Bu qatlamlardan birortasi zaiflashsa, butun tizimda boʻshliq paydo boʻladi: kuchli armiya boʻlgani holda axborot makoni himoyasiz qolsa yoxud iqtisod oʻsib, huquqiy madaniyat ortda qolsa, xavf ichkaridan kuchayadi. Demak, har bir soha boshqasini toʻldirishi shart.
Xulosa oʻrnida «Vatan tinchligi va xavfsizligi — umumiy masʼuliyatimiz» degan gʻoyani quyidagi formula orqali ifodalash mumkin:
kuchli armiya – himoya qalqoni;
adolatli qonun – barqarorlik kafolati;
faol diplomatiya – tashqi xavflarni kamaytirish vositasi;
masʼuliyatli jamiyat – ichki mustahkamlik asosi;
vatanparvar fuqaro – milliy xavfsizlikning tayanchi.
Aynan ana shu uygʻunlik Yangi Oʻzbekistonning tinch, barqaror va xavfsiz kelajagini taʼminlaydi.
Muhiddin UMAROV,
IIV Akademiyasi Harbiy
tayyorgarlik kafedrasi boshligʻi,
harbiy fanlar boʻyicha falsafa doktori
(PhD), professor, polkovnik.
