Raqamli nazorat ostida
Maydoni 42,8 gektarlik «Olimpiya» mahallasida bugungi kunda 30 ta koʻp qavatli uy va 1122 ta hovli-joy mavjud boʻlib, ularda 1564 ta oila yashaydi.
Hududda xavfsizlikni taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar qilindi. 78 ta kirish yoʻlagiga domofon oʻrnatildi. Jami 109 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilib, avtomobillarning davlat raqami va kishi yuzini tanib olish texnologiyalari ham tizimga kiritilgan. Kameralar «Xavfsiz shahar» markaziga ulangan, 72 tasi profilaktika inspektorining xizmat xonasidan ham kuzatiladi.
Kamera koʻradi,
tizim maʼlumot beradi
Mahalla profilaktika katta inspektori, kapitan Siroj Masharipovning fikricha, bugungi kunda soha xodimlarining faoliyati ham tubdan oʻzgarmoqda:
– Ilgari profilaktika inspektori aholi tasavvurida faqat huquqbuzarlik sodir boʻlganida kelib bayonnoma tuzuvchi xodim sifatida qaralardi. Hozir esa u zamonaviy texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlarini puxta oʻzlashtirgan, shu bilan birga, aholi orasida yurib, xalq ishonchini qozona oladigan mutaxassis boʻlishi kerak.
Kapitan xizmat xonasidagi monitorlarga ishora qilib, hududning katta qismini bir vaqtning oʻzida toʻliq kuzatib borish imkoni yaratilganini taʼkidlaydi.
– Kamera koʻradi, tizim maʼlumot beradi, sunʼiy intellekt tahlil qiladi. Lekin odamning dardini baribir odam tinglaydi. Texnologiya profilaktika inspektorining oʻrnini bosmaydi, balki imkoniyatini kengaytiradi. Imijni yaratish uchun faqat xizmat libosi kiyish yetarli emas, u odamlarning ishonchi, hudud osoyishtaligi va amalga oshirilgan ishlar natijasi bilan shakllanadi. Nuroniy ham, yosh ham, xotin-qizlar ham inspektorga bemalol murojaat qila olsa, haqiqiy imij mana shu.
Profilaktika inspektori mahallaning kechagi va bugungi holatini ham yaxshi bilishini qoʻshimcha qiladi:
– Ilgari bu hudud notinch edi, janjal-toʻpolon koʻp boʻlardi, odamlar kechqurun yurishga hadiksirardi. Hozir esa tamoman boshqacha. Eng muhimi, aholining mahallaga munosabati oʻzgardi. Bizga ham ishlash uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan: texnologiya bor, tizim bor, imkoniyat bor. Bahonaga oʻrin yoʻq, faqat sidqidildan ishlasak boʻlgani!
Hudud «sariq» toifada
Mahallada jinoyatchilik deyarli butkul jilovlangan: hozirgacha ehtiyotsizlik oqibatida telefon yoʻqolishi bilan bogʻliq birgina holat qayd etilgan boʻlib, hudud «sariq» toifaga kiritilgan.
Profilaktika hisobida 21 nafar fuqaro (probatsiya nazoratidagilar, ichkilikka ruju qoʻyganlar, giyohvandlikka moyil shaxslar hamda nizoli oilalar) mavjud. Eʼtiborlisi – ajrashishlar umuman qayd etilmagan, ajrashish yoqasiga kelib qolgan ikki oila yarashtirilgan.
Bu kabi koʻrsatkichlar zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda manzilli profilaktika va fuqarolar bilan individual ishlash naqadar muhimligini koʻrsatadi.
«Aqlli»lik faqat
kameralarda emas
«Olimpiya» mahallasidagi oʻzgarishlarni kuzatuv kameralari bilangina bogʻlash toʻgʻri boʻlmaydi – bunyodkorlik ishlari ham bor. Hududdagi 19 ta koʻp qavatli uyning fasadi toʻliq taʼmirlanib, 78 ta kirish yoʻlagi yangilandi, jami 0,8 kilometr piyodalar yoʻlagi barpo etildi.
Shuningdek, mahallada 3 ta Workout va 10 ta bolalar maydonchasi, 10 ta ayvoncha, «Vatanparvarlar bogʻi» va amfiteatr tashkil etildi. Hovlilarga oʻrnatilgan oʻrindiqlar yonidagi QR-kodlar orqali kitoblar mutolaa qilish mumkin. Tungi yoritkichlar esa aholining kechki sayrlarini xavfsiz va fayzli qiladi.
1122 ta xonadonning barchasi markazlashgan elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan toʻliq taʼminlangan. Hududda umumtaʼlim maktabi, davlatga tegishli hamda xususiy bogʻchalar, shuningdek, futbol, voleybol va stritbol maydonlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Shu bois, «Aqlli mahalla» tushunchasiga faqat raqamli nazorat sifatida qarash notoʻgʻri. Xavfsizlik, obodonlashtirish, bandlik, ijtimoiy himoya va sifatli xizmatlar bir tizimga birlashsagina mahalla chinakam qulay hamda farovon hayot maskaniga aylanadi.
Ishsizlikdan
xoli
Mazkur mahalladagi obyektlar asosan savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishiga ixtisoslashgan boʻlib, hududda 85 ta tadbirkorlik subyekti hamda aholiga xizmat koʻrsatuvchi 18 ta turli shoxobcha faoliyat yuritmoqda. Mahallada aniqlangan 43 nafar ishsiz fuqaroning bandligi toʻliq taʼminlandi, aholiga ssuda, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratildi. Joriy yilda 9 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 27 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
– Tadbirkor ishlasa, fuqaro daromad topsa va hududning oʻzida xizmatlar rivojlansa, koʻplab ijtimoiy muammolar oʻz-oʻzidan kamayadi. Asosiy maqsad faqat soliq undirish emas, balki faoliyati toʻxtagan subyektlarni qayta ishga tushirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishdir, – dedi Urganch shahar soliq inspeksiyasi boshligʻi Sardor Abdullayev.
Texnologiya va qonuniylik
Zamonaviy kuzatuv tizimlari keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Lekin har qanday raqamli tizimdan foydalanishda qonuniylik va fuqarolarning huquqlariga soʻzsiz rioya etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Urganch shahar prokurori Mirza Vapayev bu borada shunday fikr bildirdi:
– Raqamlashtirishning ahamiyati huquqbuzarlik sodir etilganida aybdorni topish bilan cheklanmasligi kerak. Uning eng katta samarasi – shunday holatlarning oldini olishdir. Shu bilan birga, ilgʻor texnologiyalardan foydalanishda qonuniylik, shaxsiy maʼlumotlarning ishonchli himoyasi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga qatʼiy amal qilinishi shart.
Bosh maqsad – jinoyatlarning barvaqt oldini olish
Urganch shahar IIB boshligʻi Muzaffar Achilov ham profilaktikaning asosiy mezoni jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik ekanini qayd etadi:
– Ichki ishlar organlari uchun eng muhim natija faqat yuz bergan jinoyatni ochish emas, avvalo uning oldini olishdir. «Olimpiya»dagi yangi tizim profilaktika inspektoriga hududni tezkor nazorat qilish imkonini beradi, biroq kamera uning oʻrnini bosmaydi. Inspektor odam bilan yuzma-yuz gaplashadi, oila muhiti bilan tanishadi, muammo sababini oʻrganadi. Texnologiya esa unga ana shu vazifalarni bajarishda ishonchli koʻmakchi boʻladi.
Uygʻun tizim
Urganch shahar hokimi Bunyod Rajapov «Aqlli mahalla» konsepsiyasini fuqarolar hayotidagi real oʻzgarishlar bilan bogʻlaydi:
– «Aqlli mahalla» deganda faqat kamera va kompyuterni tushunmaslik kerak. Inson koʻchada xavfsiz yuradimi, farzandi oʻynashi uchun maydoncha bormi, koʻchasi yorugʻmi, oʻziga munosib ish topa olyaptimi – natija aynan shular bilan oʻlchanadi. «Olimpiya»da texnologiya, xavfsizlik va obodonlashtirishni oʻzaro uygʻun tizimga aylantirish asosiy maqsad qilib qoʻyilgan.
Nilufar JABBOROVA,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.