Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda asosiy harakatlantiruvchi kuch – bu yoshlardir. Bugun mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini tashkil etuvchi navqiron avlod oʻtmishdagi ajdodlarimiz kabi dunyo ilm-fani va texnologiyasini oldinga boshlashga qodir kuch sifatida koʻrilmoqda. Biroq, bu maqsadga shunchaki balandparvoz gaplar bilan erishib boʻlmaydi. Zero, har qanday Uygʻonish davri jamiyatning intellektual qatlamida tub burilish sodir boʻlgandagina yuzaga keladi. 

Yurtimiz qadim-qadimdan ilm-maʼrifat markazi, sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlib kelgan. Ushbu tabarruk zamindan dunyoga ilm-u urfon ziyosini taratgan buyuk allomalar, olim-u mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ular ilm-fanning koʻplab jabhalariga asos solib, jahon tamaddunining shonli mayogʻi boʻlib kelganlar.

Jumladan, IX–XII asrlarda Birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur allomalar yurtimiz hududida yetishib chiqdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy singari oʻnlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos taʼsir koʻrsatdi. Islom madaniyatining oltin asri deb eʼtirof etilgan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abul Moʻyi Nasafiy kabi ulugʻ ulamolar butun musulmon olamining faxr-u iftixori hisoblanadi.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan saltanat yurtimizda Ikkinchi Uygʻonish, yaʼni Ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, koʻplab hattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilgʻor taraqqiy etgan xalqlari qatorida boʻlgani barchamizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Uchinchi Renessans shunchaki iqtisodiy oʻsish yoki yangi binolar qurilishi emas. Bu – inson kapitalining mutlaqo yangi sifat bosqichiga koʻtarilishidir. Bugungi kunda Oʻzbekistonda yangi uygʻonish davrining asosiy ustunlari sifatida bogʻcha va maktab taʼlimini tubdan isloh qilish, oliy taʼlim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, ilm-fan va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish hamda madaniyat, sanʼat va adabiyotni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Zamonaviy dunyoda xomashyoga tayanadigan iqtisodiyotlar oʻz oʻrnini bilimga tayanadigan iqtisodiyotga boʻshatib bermoqda. Tabiiy resurslar tugashi mumkin, ammo insonning intellektual salohiyati va kreativ fikrlashi cheksizdir.

Uchinchi Renessansning poydevori Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tizimi orqali qoʻyilmoqda. Lekin bu jarayon faqat maʼlum bir guruh yoshlar bilan cheklanib qolmasligi, balki chekka qishloqlardagi har bir 

oʻgʻil-qizning qalbiga, ongiga yetib borishi shart. Davlat tomonidan oliy taʼlim muassasalarining nufuzi oshirilayotgani, xususiy va xorijiy universitetlar soni koʻpaytirilayotgani yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Endigi navbat – shu imkoniyatlardan maksimal darajada samarali foydalanishda.

Yangi davr va globallashuv jarayonlari yoshlar oldiga oʻta jiddiy va qatʼiy vazifalarni qoʻymoqda. Uchinchi Renessansning faol bunyodkori boʻlish uchun bugungi yosh avlod yuzaki bilim olish davri tugaganligini his etmogʻi zarur. Hozirgi mehnat bozori faqat oʻz sohasining mukammal ustasi, chuqur tahliliy fikrlaydigan va muammolarga nostandart yechim topa oladigan kadrlarni talab qilmoqda. Yoshlar diplom olish uchun emas, real koʻnikmalarga ega boʻlish uchun oʻqishlari kerak.

Zamonaviy taraqqiyot asrida raqamli texnologiyalar va IT sohasini mukammal bilmasdan turib yangi yuksalish davri haqida gapirish imkonsizdir. Bugungi navqiron avlod dasturlash, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar tahlili va kiberxavfsizlik kabi zamon talablariga mos yoʻnalishlarni chuqur oʻzlashtirib, texnologiyalarning oddiy isteʼmolchisi emas, balki yangi raqamli mahsulotlar yaratuvchisiga aylanishi lozim. Shu bilan birga, dunyo ilm-fanining qariyb 80 foizdan ortiq qoʻllanmalari ingliz tilida chop etilishini inobatga olgan holda, kamida ikkita xorijiy tilni bilish xalqaro tajribani oʻrganish va global maydonda raqobatdosh boʻlishning yagona yoʻlidir.

Shuningdek, yoshlar oʻzlarining innovatsion startap loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslari orqali iqtisodiyotni harakatlantiruvchi kuchga aylanishlari talab etiladi. Biroq bu kabi global integratsiya jarayonida maʼnaviy poydevor ham xuddi shunday muhim ahamiyatga ega. Turli gʻoyaviy tahdidlar va «ommaviy madaniyat» xavfi kuchaygan asrimizda milliy gʻoya, vatanparvarlik va tarixdan uzilmaslik yoshlarning maʼnaviy qalqonidir. Zero, dunyoga ochiq boʻlish bilan bir qatorda, milliy oʻzlikni, ona tilini va ajdodlar oʻgitini muqaddas bilish Uchinchi Renessans bunyodkorlarining eng oliy fazilatidir.

Oʻzbekistonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining eng yuqori darajasiga koʻtarilgan. Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgani, har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyat yuritayotgani, «Yoshlar daftari» tizimi orqali minglab yoshlarga moddiy va maʼnaviy koʻmak berilayotgani fikrimizga dalildir. Shuningdek, xorijdagi nufuzli oliygohlarda oʻqish uchun «El-yurt umidi» jamgʻarmasi mablagʻlari ajratilmoqda. Ammo, davlat tomonidan yaratilayotgan barcha sharoitlar faqat tashqi omildir. Ichki omil – yoshlarning oʻzidagi intilish, shijoat va iroda.

Xulosa qilib aytganda, Uchinchi Renessans – bu shunchaki orzu yoki kelajakdagi mavhum reja emas. Bu bugun har bir darsxonada, har bir laboratoriyada, har bir kompyuter qarshisida va har bir kitob mutolaasida yaratilayotgan real jarayondir. 

Biz buyuk ajdodlar vorislarimiz va bu maqom bizga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Yoshlarimiz chuqur ilm, yuksak maʼnaviyat, zamonaviy texnologiya va vatanparvarlik tuygʻusini oʻzlarida mujassam eta olsa, Uchinchi Renessans poydevori nafaqat barpo etiladi, balki mamlakatimiz dunyoning eng rivojlangan va qudratli davlatlari qatoridan mustahkam oʻrin oladi. Zero, kelajak aynan bugun qabul qilinayotgan qarorlar va yoshlarning tinimsiz mehnati bilan belgilanadi.


Abror POYONOV,

katta mutaxassis-muxbir, 

katta serjant.