Aziz va moʻtabar ayollarimiz, avvalo, millat ertasi boʻlgan sogʻlom va maʼnan barkamol avlod tarbiyachisi, onadir. Bu nozik xilqat vakillari, qishloq xoʻjaligi, sanoat, tadbirkorlik, fan-texnika, innovasiya, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, huquq-tartibot, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarda oʻzining oqilaligi, donoligi, bilim-tafakkuri, tashabbuskorligi, gʻayrat-shijoati bilan samarali mehnat qilib, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokchiga aylanib borayotgan fidoyi inson. Bu ayni damda ichki ishlar organlaridek masʼuliyati ogʻir va mashaqqatli sohada jonkuyarlik bilan xizmat olib borayotgan xotin-qizlarimiz timsolida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Forumning birinchi kuni ishtirokchilar uchun haqiqiy maʼnoda bilim-tafakkur, aql-iroda, tajriba va mahorat sinovi boʻldi, desak, aslo mubolagʻa emas. Ishtirokchilar tantanali tarzda kutib olindi va ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar oʻrtasidagi «Fidoyi ayol xodima», «Eng yaxshi kitobxon xodima», «Zakovat» intellektual koʻrik-tanlovlari hamda «Shaxmat» sport musobaqasiga start berildi.
Viloyat «Yoshlar markazi»da ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlari va hududiy IIB vakillaridan iborat 18 ta jamoa «Zakovat» intellektual oʻyinida aqliy salohiyatlarini namoyish etishdi. Qizgʻin bahs-munozaralarga boy bellashuvda besh kishidan iborat jamoalar gʻoliblik uchun bor imkoniyatini ishga soldi.
Samarqand shahridagi viloyat Axborot-resurs markazida boʻlib oʻtgan «Eng yaxshi kitobxon xodima» tanlovi chin maʼnoda haqiqiy kitobxon, maʼnaviyatli xodimalarni saraladi, desak, xato boʻlmaydi. Unda ishtirokchilarning badiiy adabiyot, mutolaa, aqliy bilim va intellektual salohiyati sinovdan oʻtdi. Xodimalarning chiqishlarini Yozuvchilar uyushmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari, faxriylar va sohaviy xizmat vakillaridan iborat hayʼat aʼzolari baholab bordi.
Samarqand shahridagi «Grand Sogdiana» mehmonxonasida esa xodimalar «aql gimnastikasi», yaʼni shaxmatdan dona surib, oʻzlarining nimaga qodir ekanligini amalda koʻrsatishdi.
Forumning eng murakkab va masʼuliyatli bellashuvi – «Fidoyi ayol xodima» koʻrik-tanlovi hisoblanadi. Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar orasidan oʻz kasbining mohirlarini aniqlash va eʼtirof etish maqsadida tashkil etilgan ushbu koʻrik-tanlovda ishtirokchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligi sinovdan oʻtkazildi.
Xodimalar 1000 metr masofaga yugurish, «Makarov» toʻpponchasini toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish, elektron tirda oʻq otish shartlari boʻyicha bellashishdi. Shundan soʻng bilim darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlarini topshirishdi.
Shuningdek, forumning birinchi kuni tadbirlari doirasidagi barcha ishtirokchilar Samarqandning tarixiy qadamjolarida boʻlishdi.
Forumning ikkinchi kuni Samarqand shahridagi Nurafshon saroyi erta tongdan mehr qoʻygan kasbida faxr-iftixor bilan mehnat qilayotganidan yuz-koʻzlari nurafshon xodimalar bilan yanada fayzga toʻldi. Tanlov gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbirda Bosh vazir oʻrinbosari Z. Mahkamova, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor A. Ikramov, Samarqand viloyati IIB boshligʻi, polkovnik
R. Mamatov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi «Maʼrifat» targʻibotchilari jamiyati aʼzosi, taniqli olima, falsafa fanlari doktori, xalqaro toifadagi spiker J. Shermuhamedova ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor
A. Ikramov mamlakatimizda xotin-qizlarning ogʻirini yengil qilish, huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish masalasi davlat siyosatining muhim yoʻnalishiga aylanganiga javoban, ularning soni jamiyatning barcha sohalarida ortib borayotganiga eʼtibor qaratdi. Xususan, bugungi kunda ichki ishlar organlarida ham erkaklar bilan bir safda turli sohaviy xizmatlarda xotin-qizlar samarali faoliyat yuritishi bilan kifoyalanmay, qator yutuqlarga erishayotganiga eʼtibor qaratib, «Hozirda safimizda 8 nafar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi, xalqaro toifadagi sport ustasi, 23 nafar sport ustasi va 9 nafar sport ustaligiga nomzod,
4 nafar sport yoʻnalishi boʻyicha «Zulfiya» mukofotini olgan xotin-qizlar xizmat qilmoqda.
Mana, yaqinda – 10 fevralʼ kuni Ostona shahrida oʻtkazilgan yengil atletika boʻyicha X Osiyo chempionatining beshkurash (60 metrga toʻsiqlar osha yugurish, uzunlikka sakrash, yadro uloqtirish, balandlikka sakrash, 800 metrga yugurish) bosqichida Qorovul qoʻshinlari harbiy xizmatchisi kichik serjant Yekaterina Voronina ikkinchi bor oltin medalni qoʻlga kiritdi», deya taʼkidladi.
Nihoyat gʻoliblar eʼlon qilindi.
«Zakovat» intellektual oʻyinida Namangan viloyati IIB jamoasi birinchi, Toshkent viloyati IIB jamoasi ikkinchi, Jizzax viloyati IIB jamoasi esa uchinchi oʻrinni egalladi.
«Eng yaxshi kitobxon xodima» koʻrik-tanlovida birinchi oʻringa IIV nomidan ishtirok etgan katta serjant Shahnoza Shukurova loyiq koʻrilgan boʻlsa, keyingi oʻrinlarni Toshkent shahar IIBB vakili mayor Baxtigul Amanova va Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi vakili oddiy askar Sevara Ortiqmatova qoʻlga kiritdi.
Shaxmat musobaqasida birinchi oʻrinni leytenant Gulhayo Shokarimova (Namangan viloyati IIB), ikkinchi oʻrinni kapitan Dilafruz Sharapova (Toshkent shahar IIBB), uchinchi oʻrinni katta leytenant Nilufar
Xoʻjayarova (IIV vakilasi) egalladi.
«Fidoyi ayol xodima» koʻrik-tanlovi yakunida har jihatdan faol, tashabbuskor xodimalar gʻolib deb topildi, desak, yanglishmagan boʻlamiz. Unda Samarqand viloyati IIB vakili mayor Mohina Yunusova mutlaq gʻolib boʻlgan boʻlsa, IIV vakili podpolkovnik Madina Sultanova va Namangan viloyati IIB vakili mayor Zohida Karimovaga keyingi oʻrinlar nasib qildi.
Barcha gʻolib jamoalar va xodimalarga qimmatbaho sovgʻalar, kitoblar toʻplami, faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻi bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi «Maʼrifat» targʻibotchilari jamiyati aʼzosi, xalqaro toifadagi spiker J. Shermuhamedova Ichki ishlar vazirining qoʻl soati bilan taqdirlandi.
– Forumni oʻtkazishdan maqsad tizimda xizmat qilayotgan xotin-qizlarning kasbiy tashabbuskorligini oshirish, ularni bilim olishga, maʼnaviyatli boʻlishga chorlash, xizmat intizomini mustahkamlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish edi, – deydi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Nargiza Mirjalolova. – Oʻylaymanki, muddaomizga yetdik. Koʻplab bilimli, har jihatdan namuna boʻladigan ayollarimiz gʻolib boʻldi.
Forum doirasida ichki ishlar organlari xodimalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining ijtimoiy-maishiy komissiyasi qaroriga muvofiq, 10 nafar ayolga 90 million soʻm miqdoridagi avtokreditlar,
7 nafar xodimaga ssudalar va
3 nafar xodimaga imtiyozli uy-joy ajratildi. Bundan tashqari, xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan
3 nafar xodimning onalariga dam olish maskanlariga yoʻllanmalar berildi.
Shunday qilib, bilim, tajriba va mahorat sinovlariga boy II Respublika forumi xodimalarga unutilmas taassurotlar hadya etib, oʻz yakuniga yetdi.
Kelasi yil forumga
Buxoro viloyati mezbonlik qiladi.
Zamira BOLTAYEVA, Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» – «На посту» muxbirlari.
