Ayol – mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik timsoli. Yurtimizda ayollar azaldan ulugʻlab, hamisha ardoqlab-asrab kelingan. Zotan, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga boʻlgan munosabati, gʻamxoʻrligi bilan belgilanadi.
Soʻnggi yillarda xotin-qizlarning ogʻirini yengil qilish, huquq va manfaatlarini himoyalash, bandligini taʼminlash, opa-singillarimiz oʻrtasida ishbilarmonlik, tadbirkorlik muhitini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bandligini taʼminlash, isteʼdodi hamda qobiliyatini yuzaga chiqarish, gender tenglikka erishish borasida izchil ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Avvalo, xotin-qizlarni barcha jabhalarda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy baza yaratildi. Jumladan, ayollar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, taʼlim olishi va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun keng imkoniyat yaratishga qaratilgan 4 ta qonun, davlatimiz rahbarining 10 ga yaqin farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining
14 ta qarori qabul qilindi. Qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilinib, milliy qonunchiligimiz asoslari takomillashtirildi. Yangilangan Konstitutsiyamizda esa xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, xotin-qizlar hamda erkaklarga davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va boshqaruv hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlar yaratib berilishi belgilab qoʻyildi.
Xuddi shuningdek, xotin-qizlarning siyosiy hayotdagi faolligini oshirishga eʼtibor qaratilib, Saylov kodeksiga deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilgani ham eʼtiborga molikdir.
Soʻnggi yillarda xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Birgina «Ayollar daftari» boʻyicha katta miqdordagi mablagʻlar ajratilib, minglab xotin-qizlarni qiynab kelayotgan muammolarga barham berilyapti. Minglab opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga, tadbirkorlikka oʻqitilmoqda, ularga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.
Maʼrifatparvar bobolarimiz bejiz «Onalarni oʻqitsak, millatni oʻqitgan boʻlamiz» degan fikr bilan oʻzbek ayollarining bilimli, ilmli boʻlishi yoʻlida jon kuydirmagan. Hozirgi kunda qizlarimizning oliy taʼlim olishi, zamonaviy kasb-hunar va texnologiyalarni, xorijiy tillarni egallashiga katta ahamiyat berilmoqda. Boshqacha aytganda, bilim olaman, kasb-hunar egallayman, ilm-fan bilan shugʻullanaman, degan xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar bor. Ularga maxsus kvotalar ajratilgan, shartnoma toʻlovlari davlat byudjetidan qoplanmoqda, imtiyozli kreditlar taqdim etilyapti.
Bunday gʻamxoʻrlik qizlarimizda bilim olishga boʻlgan ragʻbatni, kelajakda jamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topishga boʻlgan saʼy-harakatni kuchaytirib yubordi. Agar bundan 6 yil oldin oliy taʼlim muassasalarida 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb 5 barobarga koʻpaydi. Bu misli koʻrilmagan natija, albatta. Qolaversa,
oxirgi yetti yilda 5 ming nafardan ortiq xotin-qizlar fan doktori (DSc) va oʻz sohalari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgani ham quvonarlidir.
Umuman olganda, hozirgi vaqtda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki kengayib, davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va roli tobora oshib bormoqda. Xususan, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017-yildagi
27 foizdan 35 foizga yetgani, ayniqsa, ahamiyatli. Parlament faoliyatida esa ularning ulushi
32 foizga yetdi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti tavsiyalariga toʻla mos keladi. Shu bilan birga, soʻnggi besh yil ichida yurtimizda tadbirkor ayollar safi ikki barobar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni
205 ming nafardan oshdi.
Boshqa koʻplab sohalardagi kabi, mamlakatimiz ichki ishlar organlarida ham koʻplab fidoyi xotin-qiz xodimalar xizmat qilmoqda. Ular orasida yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi fidokorona xizmatlari tufayli davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan, turli xalqaro sport musobaqalarida, nufuzli koʻrik-tanlovlarda gʻolib chiqqan, umuman, xizmatda va hayotda ulkan muvaffaqiyatlarga erishganlari bisyor. Erkaklar bilan yelkama-yelka, bir safda turib xizmat qilayotgan ana shunday opa-singillarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Xullas, bugun fermerlik harakati deysizmi yoki biznes, ilm-fan, tibbiyot, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat sohalarini olasizmi, birontasini ayollarning ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi roli va nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilmoqda. Masalan, Jahon bankining oʻtgan yili eʼlon qilingan «Ayollar, biznes va qonun» nomli yillik hisobotida Oʻzbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. 190 ta davlatdagi holat 10 ta koʻrsatkich boʻyicha baholangan mazkur indeksda mamlakatimizda, ayniqsa, mehnat munosabatlari va oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurash sohasida amalga
oshirilgan islohotlar muvaffaqiyatli deb topilgan.
Turli soha va tarmoqlarda fidokorona xizmat qilayotgan ayollarning mehnatini munosib qadrlash davlatimizning doimiy eʼtiborida. Mustaqillik yillarida Vatanimiz va xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollarimizdan 17 nafari eng oliy mukofot – «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi. Qolaversa,
11 nafar ayol fan sohasidagi eng yuksak darajaga, yaʼni akademik unvoniga sazovor boʻlganini, minglab xotin-qizlarimiz davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlab kelinayotganini el-yurtimizning ularga nisbatan yuksak ehtiromi ifodasi sifatida baholash joiz.
Binobarin, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, «Qadr ayoldan boshlansa, qadrimiz yanada baland boʻladi!».
Kamol OLLOYOROV,
oʻz muxbirmiz.
