Joriy yil 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Jazoni ijro etish departamenti tizimida xizmat qilayotgan xodimalar uchun IIV “Jar” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida tashkil etilgan bayram tadbiri koʻtarinki ruhda oʻtdi. Departament boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik G.Kurambaev xotin-qizlarni muborakbod etar ekan, ichki ishlar organlari sohasida xizmat qilish yuksak sharaf ekanini, ayol kishi uchun esa oila, roʻzgʻor tashvishi bilan birga, el osoyishtaligini taʼminlash vazifasini ham zimmasiga olish mazkur sharafni ikki karra yuksaltirishini taʼkidlab oʻtdi.
Bayram munosabati bilan Birinchi mintaqaviy hudud 21-son JIEK boshligʻi, podpolkovnik Gulruh Karimova, 24-son TK rahbari, podpolkovnik Shoira Adilova “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni, bir guruh xodimalar esa I, II va III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining esdalik qoʻl soati bilan taqdirlandi. Shuningdek, jazoni ijro etish tizimida uzoq yillar samarali xizmat qilib, bugungi kunda faxriylar safida boʻlgan ayollarga ham esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir davomida IIV Ashula va raqs ansambli tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ham barchaga manzur boʻldi. Ishtirokchilar shoʻx-shodon kuylarga raqs tushib, madaniy hordiq chiqarishdi. Soʻz ustalarining ichakuzdi hangomalari esa bayram kayfiyatini yanada koʻtardi.
Shahrizod ShOKIROV,
katta leytenant.
