Izhori dil

 Koʻngilda tozarish, yangilanish boshlandi. Xayol kengliklarida parvoz qilayotgan qalb zarrin nurlarini sochayotgan quyosh, ona zamin bagʻridan bosh koʻtarayotgan maysalar, qushlar xonishiyu anhorlarda shildirab oqayotgan suvlarning goʻzalligidan hayratda. Qahratonning qahri sindi, yorugʻ kunlarga eson-omon yetib olgan momolarimiz ariq boʻyidagi yalpizlarni koʻzlariga surtib omonliq-somonliq qilishadilar.

Mashhur adib Gabriel Garsia Markes “Vaqt oʻtmaydi, u aylanadi” deganida tabiatdagi oʻzgarmas qonuniyat – fasllar almashishini nazarda tutgan boʻlsa ajab emas. Hayot charxpalagi aylanib borar ekan, biz dunyoga yaxshi amallarni bajargani kelgan bir sayyoh kabidirmiz. Shuning uchun insonlar bir-birlariga toza niyatlar izhor etadi, yaxshiliklar ilinadi,  oʻzidan ezgu ishlar qoldirishni ixtiyor etadilar.                                                                              

Bahorni orziqib kutmoq shundandir, balki. Chunki u qalblarni uygʻotadi, kishiga toza tuygʻularni hadya qiladi, vujudga tetiklik baxsh etadi. Insonda kelajakka umid, ishonch paydo qiladi, yuragingizni ajib orzularga oshno etadi.  Fasli navbahorni nabototu hayvonot olami ham intiqlik bilan kutadi, yaxshi koʻradi. Shuning uchun bu faslda tabiatdagi har bir mavjudotning koʻrinishi, goʻzalligi, ifori, qoʻshigʻi, tovushi boshqacha.

Ha, koʻklam ana shunday tarovatli, nafosatli, farogʻatli fasl. Yaqinlashib kelayotgan bahor ayyomingiz muborak boʻlsin, azizlar! Boshlayotgan ishlaringizga xayr-baraka yogʻilsin. Yuzinchi va yana undan-da koʻproq navbahorlarga yetish nasib etsin...

 

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA.

Namangan viloyati.