BALLI SIZGA, OQ XALATLI MALIKALAR!
Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari oʻrtasida Yilning eng yaxshi tibbiy hamshirasi koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻz olgan IIV Davolash-profilaktika muassasalari Tibbiyot boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Sh. Nishanov barcha tibbiyot xodimlarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan samimiy qutlab, soha vakillari ishtirokida oʻtkazilayotgan turli tanlov va musobaqalar ularning oʻzaro tajriba almashishi va yurtga daxldorlik hissini yanada oshirishda muhim poydevor boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Salomatlik posbonlarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlash hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan ushbu tanlovda ishtirokchilar tanishtiruv, savol-javob, amaliy va erkin mavzu kabi toʻrtta shart boʻyicha oʻzaro bellashishdi.
Jumladan, ishtirokchilar amaliy shart boʻyicha kuni kecha Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazida oʻz bilim va mahoratlarini sinovdan oʻtkazishdi.
Intellektual salohiyati, kasbiy malakasi hamda shaxsiy sifatlari bilan xizmati davomida boshqalarga namuna boʻlib kelayotgan 18 nafar hududiy bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oq xalatli soha malikalari qizgʻin va murosasiz bahslarda nimalarga qodir ekanliklarini yana bir bora tasdiqlashdi.
Shunday qilib, tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, barcha raqiblaridan yaqqol ajralib turgan Jizzax viloyati IIB tibbiyot boʻlimi gospitali hamshirasi E. Yusupova eng yuqori natijaga erishib, 1-oʻringa loyiq topildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV tibbiyot boʻlimi poliklinikasi tibbiy hamshirasi M. Utekeyeva ikkinchi pogʻonani zabt etgan boʻlsa, Sirdaryo viloyati IIB tibbiyot boʻlimi poliklinikasi laboranti R. Ishambetova 3-oʻringa munosib koʻrildi.
Gʻoliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom, qimmatbaho sovgʻalar hamda pul mukofotlari topshirildi.
Oʻz ustimda tinimsiz izlanishlarim samarasi oʻlaroq, ana shunday yuksak sharafga muyassar boʻldim, deydi mazkur tanlov gʻolibi E. Yusupova. Buning uchun menga keng imkoniyat va sharoitlar yaratib bergan vazirlik hamda viloyat IIB rahbariyatidan behad mamnunman.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
