Barcha orzu-istaklarning kaliti bilim va izlanishda, deb biladigan lavhamiz qahramoni tizimda oʻtkazilayotgan turli tadbir va musobaqalardagi ishtiroki bilan buni tasdiqlab kelmoqda. Masalan, 2021 yilda ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Eng yaxshi kitobxon» koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan Azamat tinimsiz saʼy-harakatlari evaziga oʻzining intellektual salohiyatini yanada oshirib, keyingi yili respublika bosqichida tengsiz deb topildi.

Shuningdek, viloyat miqyosida oʻtkazilgan «Temur tuzuklari bilimdoni» hamda IIBB boshligʻi tomonidan tashkil etilgan «Giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashamiz!» tanlovida ham gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Bugungi kunda yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida faoliyat yuritayotgan Azamat Axmatov ertangi kunimiz egalari boʻlmish yosh avlod ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining sodir etilishini bartaraf qilish maqsadida viloyat hududidagi maktablarda toʻgʻri harakatlanish qoidalarini oʻquvchilar ongiga singdirib, ular oʻrtasida «Yashil chiroq», «Eng namunali yoʻlovchi», «Yashil rang» hamda «Yoʻl harakati qoidalari bilimdoni» kabi musobaqalarni tashkil etish va uni oʻtkazishda bosh-qosh boʻldi.

Tinch va farovon yurtimizda kapitan A. Axmatov kabi kitobga mehr qoʻygan osoyishtalik posbonlarining soni qanchalik koʻpaysa, ilm-fanga, izlanishga boʻlgan qiziqish ham shunchalik ortib boradi. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ustuvor siyosatning asosiy maqsadlaridan biridir.  

 

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent viloyati.