Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” majmuasida viloyat IIB, hududiy ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari hamda sohaviy xizmatlarning rahbar va xodimlari ishtirokida bayram tadbiri oʻtkazildi. Tantana avvalida ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli va mashaqqatli xizmatlari eʼtirof etildi.
Xususan, mamlakatimiz rahbarining shu yil 25 oktyabrdagi farmoni asosida Jizzax viloyati IIB YHXB yoʻl-patrul xizmati inspektori, Qurbonali Aripov “Jasorat” medali, shuningdek bir guruh rahbar va xodimlar Ichki ishlar vazirining joriy yil 23-oktabrdagi buyrugʻi asosida “Tezkor xizmatning aʼlochisi”, “Aʼlo xizmatlari uchun”, I, II va III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq hamda esdalik qoʻl soatlari bilan taqdirlangani eʼlon qilindi. Jumladan, Ichki ishlar vaziri buyrugʻiga binoan viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov “Tezkor xizmatning aʼlochisi” nishoni bilan mukofotlangani bildirildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliev soʻzga chiqib, jamoat xavfsizligi va osoyishtalik posbonlarini mazkur sana bilan qutladi va bir qator soha vakillariga hokimlik sovgʻalarini topshirdi. Yana bir qancha faol xodimlar hamkor idoralarning koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq va sovgʻalarini qabul qilib oldilar.
Tadbirda viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirovga Xalqaro polisiya assosiasiyasi vakillari tomonidan assosiasiya medali va nishoni ham topshirildi. Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, mazkur mukofot bilan xalqaro polisiya faoliyatiga koʻmak berganlar taqdirlanadi.
Tantanaga poytaxt va viloyat sanʼatkorlarining konsert dasturi oʻziga xos shukuh bagʻishladi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
