Kechirimlilik azaldan oʻzbek xalqiga xos bebaho fazilatlardan sanalgan va hozirda ham bardavom. Navroʻz bayrami arafasida davlatimiz rahbarining “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingani buning yorqin ifodasidir.

Sh. Saidaliev 2020 yilda oʻylamay bosgan birgina nojoʻya qadami tufayli ozodlikdan mahrum etilib, jazoni Navoiy viloyatida joylashgan 11-son JIEKda oʻtayotgan edi. U ham Prezidentimizning Navroʻz bayrami sharofati bilan eʼlon qilingan mazkur farmoniga asosan oilasi bagʻriga qaytdi, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlganligi va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtganligi, shuningdek, nogironligi va oilaviy sharoiti hisobga olinib jazodan ozod etildi. Shu kuni koloniyadan yana bir mahkum ozod etilib, ikkinchisining jazo muddati yarmiga qisqartirildi.

- Yurtboshimizning menga bergan imkoniyatidan toʻgʻri foydalanishga, halol mehnat qilishga vaʼda beraman, - deydi Sh. Saidaliyev.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.