Davlat bayrogʻi millatning, xalqning, yurt fuqarosining gʻururi, or- nomusi darajasiga koʻtarilgan ramzlardan biri hisoblanadi.
Shu oʻrinda bayroqning tariximizdagi oʻrniga eʼtibor qaratsak. Oʻrta asrlarda turkiy xalqlar orasida asosan harbiy bayroqlar boʻlgan. Ular tugʻ yoki tugʻa deb atalgan. Ayrim holarda yalov deb ham nomlangan. Bayroq jipslikni, birlikni, gʻalabaga intilishni aks ettirgan.
Ulugʻ bobomiz Amir Temur ham gʻoliblik bayrogʻini yuksaklarga koʻtarishni afzal bilgan. Chunki bayroq ostida bir maslak ostida birlashgandek butun el birlashadi. Ana shunday el bilan ulugʻ saltanatni barpo etgan Sohibqironning qudratli davlatini butun dunyo tan olganini hammamiz bilamiz.
Umuman, bayroq tom maʼnoda mamlakat ramzi, ulugʻvorlik timsoliga aylangan. U jangchilarga jangovar ruh bagʻishlash, ularning kayfiyatini koʻtarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland koʻtarilgan. Bayroq eng ishonchli navkarlar tomonidan qoʻriqlangan, jangdan tashqari paytlarda esa baland minorlarda hilpirab turgan.
«Temur tuzuklari»da taʼkidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik koʻrsatib, gʻalaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari — tugʻ va nogʻora inʼom qilingan. Bu Sohibqiron davlatida saltanat ramzlari nechogʻlik baland maqom tutgani va qanday katta ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Shu maʼnoda bayroq xalqning koʻngil istaklarining ramzi sifatida har bir fuqaroga gʻurur, faxr va iftixor bagʻishlagan. Bugun ham mana shu bayroqning boshimiz uzra hilpirab turishidan nainki gʻurur va iftixor hissini tuyamiz, balki butun hissiyotlarimizning namoyishi oʻlaroq boshimizni magʻrur tutishimiz ramzi sifatida qabul qilamiz. Bir qaraganda bayroq oddiy bir mato boʻlib koʻrinsa-da, uning mohiyatida xalqning oʻzligi, millatning or-nomusi, iftixori va gʻururi singari muqaddas tuygʻular mujassam.
Jahonning yuksak arenalarida sportchilarimiz zafar quchib, buning sharafiga bayrogʻimiz yuqori koʻtarilganda, gʻururimiz sarbaland boʻlgani, biz gʻoliblar avlodididan ekanimizni dildan his qilishimiz, bayrogʻimiz baland koʻtarilishidan koʻnglimiz togʻdek yuksalishi, hayajondan koʻzlarimizga yosh kelishi biz uchun bayroqning nechogʻli katta ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi.
Bayroqning ahamiyati, maqomi qonunchilik yoʻli bilan ham mustahkamlab qoʻyilgan. Jumladan, Asosiy qonunimizning 2-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir”, 3-moddasida esa “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasining timsoli boʻladi”, deb taʼkidlanishi bayrogʻimizga nisbatan boʻlgan yuksak eʼtiborning tasdigʻidir.
Shu maʼnoda bayrogʻimiz bizni ulugʻ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mashʼaladir. U oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, millatimizga xos insonparvarlikni mujassam etgan. Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Oq rang – davlatimiz fuqarolarining oʻzaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bagʻrikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yoʻlida oʻzaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir. Bayroqdagi yarim oy oʻzbek xalqining koʻp asrlik anʼanalariga muvofiq keladi. Chunonchi, yarim oy va yulduzlar musaffo osmonning, tinchlikning ramzidir. Oʻn ikki raqami qadimdan xalqlarimiz orasida mukammallik timsoli boʻlib kelgan. Shu boisdan ham bayrogʻimizga oʻn ikki yulduzning tasviri tushiriladi.
Mustaqilligimizning ramzi boʻlgan Davlatimiz bayrogʻi tinch va osoyishta hayotimiz va yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz timsolidir. Bayrogʻimizning mavjudligi, doimo magʻrur hilpirab turishi Vatanimiz sarhadlarining daxlsizligi, xalqimizning obroʻ-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, gʻururimiz, shaʼnimiz, qaddimiz va qadrimiz timsoli boʻlgan bayrogʻimizni hamisha baland koʻtaraylik!
Shavkat TOʻRAYEV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti
boʻlim boshligʻi, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.
