Tabarruk qadamjolar
Chortoq – allomalar, zakiylar, aziz avliyolar yurti. Bibi Naima ona haqidagi hikoyamiz tumanda maʼlum va mashhur boʻlgan «Baliqli koʻl» ziyoratgohi bilan bogʻliq.
«Baliqli koʻl» ziyoratgohi tarixi Sulton Uvays Qaraniy bilan bogʻlanadi. Manbalarda koʻrsatilishicha, u 621-yilda Yamandagi Qaran qishlogʻida Murodiy qabilasining chorvador oilasida tavallud topgan. Farididdin Attor maʼlumotlariga koʻra, u kishining toʻliq ismlari Suhayl ibn Omir Qaraniydir.
Bir ulugʻ zotni koʻrmasdan, undan ruhiy taʼlim olgan buzruk zot Uvays (xokisor, kamtar kimsa) deyiladi. Bu laqab ilk bora Paygʻambarimiz tomonlaridan Sulton Uvaysga berilgan. Bu haqda Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida batafsil toʻxtalib oʻtadi. U zotning «Sulton» deyilishiga sabab avliyolar sultoni, aʼlosi boʻlganlar.
Rivoyatlarga koʻra, Uvaysning qalbiga Muhammad Mustafo (s.a.v)ning otashi tushadi. Unda Rasuli akramni ziyorat qilish orzusi paydo boʻladi. Shundan soʻng Sulton Uvays Madinaga boradi, ammo Rasuli akram bilan ayrim sabablarga koʻra, uchrasha olmaydi. Uvays uyiga kelgan kuni tush koʻradi: unda Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v): «Ey Uvays, men bilan uchrashmay ketibsan-da, sen endi onangni tuyaga mindirib, Turon sari yoʻl ol. Oʻsha yerda Boʻspi togʻi bor, uning yonbagʻirlarida tuya boqish bilan mashgʻul boʻl», deydilar. Ertalab koʻrgan tushini onasiga aytib, Paygʻambarimizni koʻra olmasam-da, u kishining aytganlariga itoat aylayin, deb yoʻlga otlanadi. Koʻp qiyinchiliklarni yengib, kimsasiz sahroga, koʻkargan bir tup giyoh boʻlmagan, tomchi suv yoʻq maskanga yetib kelishadi.
Sulton Uvaysning onasi yoʻl azobidan koʻp holdan toygani bois shu joyda, Boʻspi togʻi etaklarida hayotdan koʻz yumadi. Kimsasiz sahroning issiq kunida Uvays onasining jasadini yuvish uchun suv topa olmaydi. Shunda Allohga: «Onam jasadini yuvish uchun suv bergin!» deb iltijo qildi. Alloh buyuradi: «Hassangni yerga sanch!». Uvays qoʻlidagi hassasini yerga sanchganida moʻjiza roʻy berib, qizib turgan tuproqdan suv otilib chiqadi. Onasini shu buloq suvida yuvib, jasadini buloq tepasiga qoʻyadi. Bu qabr hozirgacha saqlanib qolgan.
Hozirda bu joyda Uvays Qaraniyning onalari «Bibi Naima ona» ziyoratgohi joylashgan. Ziyoratgoh aholi tilida «Sutli buloq» deb ham nomlanadi. Bu suvda sutning taʼmi bor, har juma kuni maʼlum muddatda xuddi buloqdan oppoq sut otilib chiqib oqayotgandek koʻrinadi.
Avloddan avlodga oʻtib kelayotgan rivoyatlarga qaraganda, Sulton Uvays onasining hatto qabrini ham tashlab ketmagan. Shu makonda odamlarning chorvasini boqib, tirikchilik qilgan.
Uvays Qaraniy faqirona hayot kechiradi, turli ilmlarni chuqur oʻrganib, avliyolar darajasiga yetadi. Manbalarda u 12 boblik «Tazkirot ul-harb» («Harbiy sanʼat») nomli risola ham yozgani aytilgan.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 7-iyulda viloyatga tashrifi mobaynida «Baliqli koʻl» ziyoratgohida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari bilan tanishib, bu yerni sharqona uslubdagi meʼmoriy yechimlar bilan koʻrkam va obod maskanga aylantirish yuzasidan oʻz tavsiyalarini bergan edi. Hozirga kelib «Baliqli koʻl» ziyoratgohi asosida yirik majmua tashkil etildi. Majmua masjid, maqbara, muzey, kutubxona, mehmonxonani oʻz ichiga oladi.
«Baliqli koʻl»ni suv bilan taʼminlab turuvchi manba bu – sirli buloqlardir. Ana shu buloqlardan har daqiqada 140 litrga yaqin suv otilib chiqadi. Bu maskan ancha katta maydonni egallaydi, koʻl atrofida soya-salqinda manzarani tomosha qilar ekansiz, albatta, nigohingiz buloqning ostida suzib yurgan baliqlarga tushadi. Ularning oqimdan chiqib ketmasligi va haftaning har juma kuni yoʻq boʻlib qolishi ajoyib moʻjiza. Buning sababi hamon sirligicha qolmoqda. Yana bir gʻaroyib jihat shundaki, bu baliqlar koʻpayib ham, ozayib ham qolmaydi. Shunga nisbat berilgan holda, qishloq ham «Baliqli koʻl» deb nomlangan.
Baliqli koʻl va Bibi Naima ona ziyoratgohlari doimo gavjum. Yurtimizning turli viloyatlaridan, xususan, qoʻshni respublikalardan Islom olamidagi ulugʻ zotning qabrini ziyorat qilgani kelayotgan sayyohlar safi ortib bormoqda. Ziyoratgohlarni viloyatning muhim turizm markazlaridan biriga aylantirish saʼy-harakatlari jadal davom etmoqda.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA tayyorladi.
