Jizzax viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmatining patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligi hamda probasiya xizmatlari xodimlari uchun oʻquv seminarlari tashkil etildi. Saboqlar IIV Jamoat xavfsizligi departamenti jamoat tartibini saqlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Barat Maminov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tashkil qilindi.

Soha vakillariga mamlakatimiz Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar xususida atroflicha maʼlumot berildi. Jamoat joylarida aholi xavfsizligini taʼminlashda kuch va vositalarni boshqarish, huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash, profilaktik hisob va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar bilan ishlash, voyaga yetmaganlar va yoshlar, ayniqsa uyushmagan qatlam bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni oʻtkazish borasidagi bilimlarini oshirishdi.

Shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning ijro etilishi, probasiya xizmati nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini nazorat qilish, ijtimoiy moslashtirish va qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga oid koʻnikmalar kuchaytirildi. 

Seminar yakunida qatnashchilarning bilimi sinovdan oʻtkazildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.