Gʻulomjon Yoqubov ijodini dastlab milliy qoʻshiqchilik yoʻnalishida boshlagan. Estrada yoʻnalishiga kirib kelishiga esa oʻsha mashhur «Dilorom» qoʻshigʻi sabab boʻlgan. Bu qoʻshiq bastakor Alisher Rasulov, shoir Muhammad Yusuf hamda xonanda hamkorligida yaratilgan.
Kunlarning birida Alisher Rasulov Gʻulomjon Yoqubovga qarata:
– Bir qoʻshiq bor-u, ammo sizga toʻgʻri kelmaydi-da, – deydi.
– Iye, yaxshi qoʻshiq boʻlsa, nega toʻgʻri kelmas ekan, bu nima deganing? – deydi hofiz.
– Chunki bu estrada yoʻnalishida, siz esa milliy yoʻnalishda ijod qilasiz. Muxlislar qabul qila olmaydimi, deb choʻchiyapman. Tanqidlarga uchrab, mavqeingizni tushirmang, deyman-da.
– Qani, avval bir eshitay-chi, – deydi «Dilorom» qoʻshigʻini qoʻyib beradi.
– Shu ashula meniki! – deydi hofiz.
– Lekin soʻzlari maʼqul emas.
Ikki ijodkor bahslashib turishganining ustiga shoir Muhammad Yusuf kirib qoladi.
– Menga mana shu qoʻshiq uchun soʻzlar kerak, – deydi unga qarata hofiz.
– Shungami, – deydi shoir ajablangandek. Qoʻlini peshonasiga qoʻyib, biroz oʻyga toladi. – Yaxshi, bugun kechga tayyor boʻladi, ammo soatini aytolmayman. Tayyor boʻlishi bilan qoʻngʻiroq qilaman, kelib olib ketasiz.
Oʻsha kuni tunda, soat 3 da shoir xonandaga qoʻngʻiroq qilib sheʼr tayyor boʻlganini, kelib olib ketishini aytadi. Xonanda oʻsha zahotiyoq Nazarbekdan shoirning uyi tomon — Darxonga yoʻlga chiqadi. Ijod ustida oʻtirgan shoirdan sheʼrni olib oʻqib chiqadi, xonandaning koʻngli jiz etib, unga minnatdorlik bildiradi.
Qisqa fursat ichida xonanda repertuaridan yana bitta qoʻshiq – «Dilorom» joy oladi. Ammo negadir muxlislar tomonidan uncha qiziqish bilan kutib olinmaydi, baribir koʻproq eski ijod namunalaridan kuylashini soʻrashadi. Oradan ikki-uch yil oʻtgach esa kutilmaganda qoʻshiq ommaviylashib ketadi.
— «Dilorom» 1995-yilda yaralgan qoʻshiq, — deydi hofiz. — Bugungi kunda biror davraga kirsam, shu qoʻshiqni aytmagunimcha ruxsat berishmaydi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, 1985-yilda Gʻulomjon Yoqubov «Majnuntol» gramplastinkasi uchun «Oltin disk» mukofotiga sazovor boʻlgan. «Doʻstlik», «El-yurt hurmati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» kabi ordenlar bilan mukofotlangan sanʼatkor bu yil
74 yoshni qarshiladi. U hali-hanuz xalq xizmatida boʻlishga, muxlislar koʻnglini olishga harakat qiladi.
Quyida qoʻshiq matnini eʼtiboringizga havola etamiz.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
