IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli 7251-sonli harbiy qismda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini katta shodiyonalar bilan oʻtkazish anʼana tusini olgan. Bu yilgisi ham avvalgilaridan aslo qolishmadi.

– Harbiy xizmatchilar farzandlari va harbiy qism joylashgan hududdagi kam taʼminlangan oilalar farzandlari bayramni koʻngildagidek nishonlashi uchun qoʻshin qoʻmondonligi va harbiy qism rahbariyati alohida tayyorgarlik koʻrdi, – deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Feruz Saidov. – Jumladan, bolajonlar uchun 900 dan ortiq har xil sovgʻalar tayyorlandi. Yana koʻchma attraksionlar olib kelib, oʻrnatildi. Maqsadimiz – bolajonlarimiz bayramni shodu xurramlikda oʻtkazsin.

Ertalabdan harbiy qismga kirib kelayotgan bolajonlarni harbiy xizmatchilar turli sovgʻalar, salqin ichimliklar bilan kutib olishdi. Shundan soʻng bolajonlar turli attraksionlarda oʻynab quvnashdi. Ular uchun tashkil etilgan konsert tomoshalarida turli mulʼtfilʼm qahramonlari bilan raqsga tushishdi. 

– Ikki nafar farzandim bor. Har yili shu kun kelishini sabrsizlik bilan kutishadi, – deydi kichik serjant Gʻolib Aliev. – Bugun ular bayram sovgʻalarini olib, attraksionlarda maza qilib oʻynashdi. Buning uchun qoʻshin qoʻmondonligi va harbiy qism rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.

Tadbirda kitob yarmarkasining tashkil etilgani harbiy xizmatchilar va bolajonlar uchun ajoyib sovgʻa boʻldi. Ular oʻzlari yoqtirgan kitoblarni sotib olishdi. Shuningdek, tadbir davomida turli viktorinalar, maktab oʻquvchilarining sport va jangovar chiqishlari namoyish etildi. Xullas, bayram tadbiri bolajonlarga olam-olam quvonch bagʻishladi.

Foziljon MAMAShARIPOV,

“Postda” muxbiri.