Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Xalqning harakat qilishi, davlatmand boʻlishi, baxtli boʻlib izzat-hurmat topishi, jahongir boʻlishi, zaif boʻlib xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, baxtsizlik yukini tortib eʼtibordan qolishi, oʻzgalarga tobe va qul, asir boʻlishi bolalikdan oʻz ota-onalaridan olgan tarbiyalariga bogʻliq. Bolalar axloqiy tarbiyani muhitdan oladilar, boshqacha qilib aytganda, bolalar suvga oʻxshaydi, suv idishning shaklini olganidek, bolalar ham muhitning odob-axloqini qabul qiladilar.
Abdurauf Fitrat.
Farzand tarbiyasi mamlakat taraqqiyoti va kelajagi bilan bevosita bogʻliq. Shu bois azal-azaldan, mahalla ahli, ayniqsa, nuroniy otaxon-u onaxonlarimiz koʻcha-koʻyda nobop xatti-harakat qilayotgan bola oldidan hech qachon beparvo oʻtib ketishmagan. Shu zahotiyoq tanbeh berib, toʻgʻri yoʻlga solishgan. Oʻsha bola pand-nasihatlarga quloq tutmasa, bu haqda ota-onasi, muallimlarini xabardor qilishgan. Kerak boʻlsa, bu holat mahalla ahli oʻrtasida muhokama qilinib, bolaning ota-onasiga nisbatan taʼsir choralari koʻrilgan.
Oila va uning muammolari hamisha davlatimizning diqqat-eʼtibori va himoyasida boʻlib kelmoqda. Asosiy qonunimiz boʻlgan Konstitutsiyamizda: «Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega», deb belgilab qoʻyilgan.
Farzand oilada ulgʻayadi, kamol topadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, «Avlodlar davomiyligini taʼminlaydigan maʼnaviyat qoʻrgʻoni bu – oiladir». Bugungi kunda barchamizning nainki asosiy vazifamiz, balki insoniy burchimiz barkamol avlodni tarbiyalashdir. Shu bois ham mamlakatimizda barcha xayrli ishlar avvalo oilalarni mustahkamlash va yosh avlodning yorugʻ kelajagini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Zero, oila sogʻlom ekan, jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan, mamlakat barqarordir.
Bolalar tarbiyasiga nafaqat oila, taʼlim-tarbiya muassasalari, balki mahalla ham masʼuldir. Chunki farzand tarbiyasi koʻp omillarga, avvalo, axloqiy-maʼnaviy muhitga ham bogʻliq. Taʼlim-tarbiya muassasalari bilan oila hamkorligi bunda muhim ahamiyatga ega. Bolalarda ona yurtiga muhabbatni shakllantirish, ularning maʼrifatli va maʼnaviyatli shaxs sifatida voyaga yetishlarini taʼminlash maʼnaviy barkamol va jismonan sogʻlom boʻlishlari uchun iqtisodiy va ijtimoiy muhitni yaratish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Har bir ota-ona farzand tarbiyasida oʻzlarining burch va masʼuliyatlarini chuqur anglashlari lozim. Shunday ekan, oilada ruhiy xotirjamlik, samimiy munosabat, ota-ona obroʻsining yuqori boʻlishi muhim sanaladi. Bolalarga talab qoʻyishda oila kattalari oʻrtasidagi birlikning saqlanishi, bola shaxsini mehnat orqali tarbiyalashga alohida eʼtibor berish lozim. Boladagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, undagi intilish va qobiliyatlarini qoʻllab-quvvatlash darkor. Bularning barchasi ota-onalarning pedagogik bilimlarga ega ekanligini koʻrsatadi.
Ichki ishlar vazirligi miqyosida ham kelajagimiz egalarining taʼlim-tarbiyasi, ularning huquqbuzarlik va jinoyatchilik koʻchasiga kirib qolmasliklari borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tizimida faoliyat koʻrsatuvchi voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektorlar, psixologlar tomonidan taʼlim muassasalarida «Davomat» va «Tun» tadbirlari oʻtkazilib, qarovsiz hamda nazoratsiz yurgan bolalar aniqlanib, ularning ota-onasiga nisbatan tegishli choralar koʻriladi. Ushbu tadbirlarga profilaktika inspektorlari hamda MFY raislarining jalb etilishi taʼsir choralarining yanada samarali boʻlishini taʼminlaydi va voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Shuningdek, IIV tizimida ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Xususan, Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda IIVga qarashli maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat koʻrsatib turibdi. Bundan tashqari, IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internati, respublikamizning 14 ta hududida akademik litseylar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida IIV Nukus «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyida kelajagimiz egalariga sifatli taʼlim-tarbiya berib kelinmoqda.
Yana shuni taʼkidlab oʻtish joizki, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari IIVga biriktirildi. Ular «Nurli maskan» maktablari deb nomlandi. Ushbu taʼlim muassasalarida sifatli taʼlim-tarbiya berish, oʻquvchilarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish ishlarini olib borish koʻzda tutilgan. IIV oʻquvchilarning vatanparvarlik tuygʻularini shakllantiruvchi madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishga ham doimiy ravishda koʻmaklashadi.
Bundan tashqari, Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda boshqa tibbiy muassasalarning malakali shifokorlarini jalb etgan holda, «Nurli maskan» maktablari oʻquvchilarini davolash-sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish amaliyoti ham yoʻlga qoʻyiladi.
Shu oʻrinda «Farzand tarbiyasini qachondan boshlamoq kerak?» degan savol koʻpchilikni oʻylantiradi. Mutaxassis olimlar unga turlicha javob berib kelganlar. Buyuk bobokalonimiz Ibn Sino esa, bola tarbiyasi bilan uning tugʻilishidan avvalroq, ona qornidaligidayoq shugʻullanish lozim, degan ekanlar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam maʼnaviy immunitetli, mustaqil hayotda yuqori marralarga erisha oladigan avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Kelgusida yurtimizni yanada ravnaq toptirishga masʼul boʻladigan farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular ota-bobolariga, shonli tarixi, Vatani, ona tili, millati, dini va anʼanalariga sodiq boʻlgan holda kamolotga yetishsin.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
