Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Bola huquqlari deganda irqi, jinsi, tili, dini, tugʻilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, har bir bola ega boʻlishi kerak boʻlgan huquq va erkinliklar tushuniladi. Xalqaro huquq normalarida 18 yoshga toʻlmaganlarning barchasi bola deb tan olingan.

Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanib, bugungi kunda uning toʻlaqonli qonunchilik asoslari yaratilgan deyishimiz mumkin. Yurtimizda bolalar huquqlarini taʼminlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Xususan, bola huquqlari va uning kafolatlarining huquqiy asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, «Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida»gi, «Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida»gi qonunlar hamda boshqa bir qator qonun hujjatlarida oʻz aksini topgan.

Jumladan, Bosh qomusimizning 44-moddasiga asosan, bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan taʼlim olishi­ga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlandi. Shuningdek, ilk bor Konstitutsiyamizning 50-moddasida taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanishi alohida mustahkamlandi. Eng muhimi, Konstitutsiyaga «Oila, bolalar, yoshlar» deb nomlangan yangi bob kiritilib, unda bolalarning maqomi yanada kuchaytirildi.

Xususan, 78-moddasida esa bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi alohida koʻrsatilgan.

Mamlakatimizda bolalarga gʻamxoʻrlik qilish, ularni doimo qoʻllab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilishga davlat siyosati darajasida katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki yurtimizda bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz vorislari sifatida qadrlanib, mamlakatning bebaho xazinasi hisoblanadi.

Agar bolalarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi va orzu- intilishlarini roʻyobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilsa, ularda oldinga intilish, harakat boʻladi. Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topgan ushbu yangiliklar shubhasiz, farzandlarimizning har jihatdan sogʻlom, hur fikrli avlod sifatida kamolga yetishishiga xizmat qiladi.

Bola huquqlarini himoya qilish masalasi xalqaro hamjamiyat uchun hamisha dolzarb va muhim boʻlib kelgan. BMT Bosh assambleyasi bu borada 1959-yil 20-noyabrda Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989-yil aynan shu kunda esa Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qilgani ham buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Oʻzbekiston aholisining 40 foizini bolalar tashkil etganligi uchun bola huquqlarini har tomonlama taʼminlash, ayniqsa, ustuvor ahamiyatga ega. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng, 1992-yil 9-dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar ichida birinchi navbatda Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilgani bejiz emas.

Davlatimiz oʻzining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilgan majburiyatlariga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirish­da BMT shartnomaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasiga mazkur konvensiyaning bajarilishi toʻgʻrisida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston tomonidan shu mazmundagi 5 ta davriy maʼruza taqdim etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan 2024-yil 21-fevralda «Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekistonning Beshinchi davriy maʼruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish toʻgʻrisida»gi qoʻshma qaror qabul qilindi. Mazkur qoʻshma qaror ijroga qaratilib, BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi tavsiyalari amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.

Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini taʼminlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zoʻravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qoʻpol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshiradi.

Shuningdek, davlat bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlashni kafolatlaydi, qonunchilikda belgilangan tartibda ularga ijtimoiy yordam koʻrsatilishini taʼminlaydi. Bolaning bepul majburiy umumiy oʻrta taʼlim va oʻrta maxsus taʼlim olishi kafolatlanadi.

Bundan tashqari, 2024-yil 29-fevralda «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilindi. Qonunga koʻra, Bola huquqlari boʻyicha vakil mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, bolalar huquqlarini kafolatlash va ularni xalqaro standartlar va milliy mexanizmlar orqali amalga oshirish har bir bolaning adolatli va manfaatli rivojlanishini taʼminlashning ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun bola huquqlari tom maʼnoda himoya etiladigan va hurmat qilinadigan maqbul muhitni yaratish uchun faqat davlat tashkilotlarining bu boradagi faoliyati bilan cheklanib qolmasdan, jamiyatimizning barcha qatlamlarida doimiy saʼy-harakatlarni birlashtirish va oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish taqozo etiladi.

 

Zafar PRIMQULOV,

kapitan.