Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni)
Biz azal-azaldan bolajon xalqmiz. Hayotimiz davomchilari, ertamiz egalari boʻlmish bolalarni asrab-avaylash, himoya qilish, jismonan sogʻlom, aqlan yetuk qilib tarbiyalash davlat va jamiyat, qolaversa, barchamizning insoniy burchimizga aylangan.
Yoshi ulugʻlarimiz ham har safar duoga qoʻl ocharkan, eng avval Yaratgandan ertamizning tayanchi – farzandlarimizning baxt-u kamoli, saodatini soʻraydi. «Bolaning begonasi boʻlmaydi», «Bol shirin, boldan bola shirin», «Farzand – belning quvvati», «Farzanding – davlating» kabi oʻnlab hikmatli soʻz va maqollar xalqimizning dilidan tilga koʻchib, hayotiy haqiqatga aylanib ulgurgani ham bor gap.
Yurtimizda bolalar huquq va erkinliklari kafolatlangan, manfaatlari muhofaza qilingan. Oʻzbekiston bola huquqlariga oid beshta xalqaro konvensiyaga qoʻshilgan. Xususan, ayni paytda BMTning «Bola huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi»da nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil tatbiq etilyapti. Konstitutsiyamiz va boshqa qator qonunlar asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari taʼminlanmoqda. Bola huquqlarini himoya qiluvchi Bolalar ombudsmani institutining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasining «Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida», «Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunlari yurtimizda yosh avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va maʼnaviy xurujlardan asrash, majburiy mehnatga jalb etmaslikka xizmat qilyapti.
Maʼlumki, bolaning huquqi uning tugʻilishidan avval paydo boʻladi. Shu bois mamlakatimizda goʻdakning, avvalo, sogʻlom tugʻilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chaqaloqlar dunyoga kelgan kundan boshlab tibbiy nazoratga olinayotir. Ularni turli kasalliklardan, sogʻlom kamol topishiga xavf soladigan taʼsirlardan asrash chora-tadbirlari koʻrilyapti. Poytaxtimizda zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan Bolalar milliy tibbiyot markazi qurilib, oʻz faoliyatini boshlagani bu boradagi muhim qadam boʻldi, desak, aslo mubolagʻa emas. Qiymati 130 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan mazkur tibbiyot markazi Koreya Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan boʻlib, uning tarkibidagi poliklinika kuniga 250 nafargacha bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega. Markaz magnit rezonansli tomografiya, multispiral kompyuter tomografiyasi, zamonaviy laboratoriya hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan.
Shuningdek, ayni paytda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlar miqyosida ham neonatal xirurgiya, bolalar kardiojarrohlik, qizlar ginekologiyasi hamda kaminvaziv (laparoskopik) ginekologiya va Bolalar milliy tibbiyot markazi boʻlimlari tashkil etildi. Bolalar gematologiya va onkologiyasi xizmatini tubdan yaxshilash yoʻnalishida ham katta oʻzgarishlar boshlangan Oʻzbekiston bolalarini sogʻ-salomat, ham jismonan, ham aqlan yetuk boʻlib voyaga yetishi yoʻlidagi amaliy saʼy-harakatlardandir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan taʼlimning birlamchi va asosiy boʻgʻini hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimi qayta isloh etilib, maktabgacha taʼlim sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqildi. Xususan, zamon talablariga mos, yangi bogʻchalar qurilmoqda, mavjudlarini taʼmirlashga katta eʼtibor qaratilyapti. Sohada xususiy sektorni rivojlantirishga, malakali kadrlar tayyorlashga, bogʻchalarda oʻgʻil-qizlarni sogʻlom ovqatlantirish hamda ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini yaxshilashga alohida ahamiyat berilmoqda. Bularning barchasi bolalarning maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrovini oshirib, ularning sogʻlom boʻlib ulgʻayishiga zamin yaratmoqda.
Tizimdagi islohotlar samarasi oʻlaroq, soʻnggi yillarda mamlakatimizda bogʻchalar soni 6 barobarga koʻpaydi. Bogʻchalarda taʼlim va tarbiya oladigan bolalar soni 2 millionga yetkazilib, qamrovi 70 foizga chiqdi.
Yurtimizda har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlim olishi majburiy va bepul. Davlatimiz rahbari «2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmoniga koʻra, 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi.
Ayni paytda nafaqat yirik shaharlarda, balki mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham oʻgʻil-qizlarimiz sifatli taʼlim olishi, sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ayniqsa, taʼlim tizimi moddiy-texnik bazasining yangilanishi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlanganligi, sport inshootlarining zamonaviy inventarlar bilan jihozlanishi ertamiz egalarining ham maʼnan, ham jismonan sogʻlom avlod boʻlib voyaga yetishida imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum va nogironligi boʻlgan bolalarga taʼlim berish hamda ularni taʼminlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq davlat taʼminoti asosida amalga oshirilyapti.
Sirasini aytganda, ilm-fan, sport, sanʼatda zamonaviy bilim va tafakkurga, sogʻlom dunyoqarashga ega, rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan bellashishga qodir yosh avlodning yuksak salohiyati, dunyoni lol qoldirayotgan yutuqlarini koʻrganda, beixtiyor qalbimiz faxr-iftixorga toʻlishi rost. Ishoning, ayni damlarda pokiza tuygʻulari-yu savolnamo nigohlari bilan shu zaminga ilk qadamlarini qoʻyayotgan har bir bolajonga qaratilgan eʼtibor ana shu quvonchning bardavomligini taʼminlaydi. Zero, uning ertasi, yorugʻ istiqboli Oʻzbekiston kelajagiga tutashdir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
