Bir qoʻshiq tarixi
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, taniqli rejissyor Maqsud Yunusov oʻzi suratga olayotgan «Bobur» videofilmi uchun qoʻshiq ijro etadigan xonanda izlab yurgan kezlari. Bir kuni tanishlaridan biri unga: «Bugun Oltiariqdan «Yoshlar kuylaganda» kontsert dasturida qatnashish uchun bir yigit keladi. Eshitib koʻring-chi, balki, sizga maʼqul boʻlar», – deydi.
Bu xonanda Maʼmurjon Toʻxtasinov edi. Maqsud Yunusovga uning ovozi yoqib, qoʻshiq qilish uchun Zahiriddin Muhammad Boburning oʻntacha sheʼrini berib yuboradi. Shu tariqa «Yaxshiligʻ» qoʻshigʻi yaraladi. Bunga ham oʻttiz besh yil boʻldi. Oʻzbekiston xalq artisti Maʼmurjon Toʻxtasinov ijrosidagi mazkur qoʻshiqni elimiz hamon jon qulogʻi bilan tinglaydi.
Buning boisi, avvalambor, gʻazalning dardchilligida, hayotiyligida, badiiy mukammalligida. Qolaversa, kuyning sehrida va hofizning ijro mahoratida. Zero, betakror ovoz sohibi boʻlgan sanʼatkor uni yuksak darajada, maromiga yetkazib kuylaganki, tinglasangiz, yuraklar sel boʻladi.
Mening nazarimda, «Bobur» videofilmining 1-qismi boshlanishida yangragan «Yaxshiligʻ» qoʻshigʻi butun boshli kartinaning maʼno-mazmunini oʻzida mujassam etganidek. Unda buyuk shoh va shoir, ulugʻ va ayni paytda oddiy inson boʻlgan Boburning qalb iztiroblari oʻz ifodasini topgan. Umr boʻyi chekkan mashaqqatlariga, koʻrgan yomonliklariga qaramay shoir shunday daʼvat etadi:
Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.
Shu oʻrinda ozroq lirik chekinish qilsak. Hofizimizga bunday ism qoʻyilishining ham oʻziga yarasha tarixi bor. Aytishlaricha, u hali onasining qornidaligidayoq otasi Maʼmurjon Uzoqovdan «Farzand kutyapmiz. Oʻgʻil tugʻilsa, unga ismingizni qoʻysam maylimi?» – deb izn soʻraydi. Mashhur hofiz rozilik beradi.
Xalqaro Bobur mukofoti sohibi Maʼmurjon Toʻxtasinovning «Yaxshiligʻ» qoʻshigʻini bugungi kunda uning oʻgʻillari, shogirdlari kuylashmoqda. Zero, umrboqiy qoʻshiqlar ajdodlardan avlodlarga oʻtib boraveradi, ularning sehru tarovati, taʼsir kuchi yillar, hatto asrlar oʻtsa ham aslo yoʻqolmaydi.
Bobomurod TOSHEV tayyorladi.
* * *
Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ,
Kimki ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ.
Bu zamonni nafʼi qilsam, ayb qilma, ey rafiq,
Koʻrmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshiligʻ.
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun koʻngluma,
Kelmadi jonimgʻa hech oromi jondin yaxshiligʻ.
Ey koʻngul, chun yaxshidin koʻrdung yomonligʻ asru koʻp,
Emdi koʻz tutmoq ne yaʼni har yomondin yaxshiligʻ.
Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.
Yaxshiligʻ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim koʻrubtur, ey koʻngul,
ahli jahondin yaxshiligʻ.
Zahiriddin Muhammad BOBUR
