Viloyat IIBda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkillashtirilib, ham ayol, ham osoyishtalik posbonlari munosib eʼtirof etildi.
Unda viloyat IIBning sohaviy xizmatlar rahbarlari, tizimda faoliyat olib borayotgan 200 dan ortiq xotin-qizlar va soha faxriylari qatnashdi. Tadbir avvalida soʻzga chiqqan boshqarma boshligʻi, polkovnik M.Miralimov jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashni oʻzining burchi deb bilib, ichki ishlar organlari safida fidokorona xizmat qilib kelayotgan barcha xotin-qizlar va faxriy ayollarni sana munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.
Shundan soʻng, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonovning tizim xotin-qizlariga yoʻllagan bayram tabrigi hamda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalarni mukofotlash toʻgʻrisidagi tegishli buyrugʻi oʻqib eshittirildi. Unga koʻra, ichki ishlar organlaridagi koʻp yillik samarali mehnati, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshganligi uchun 1 nafar xodimaga “Aʼlo xizmatlari uchun”, 2 nafariga II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” hamda yana 2 nafariga III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, 3 nafariga Ichki ishlar vazirligining faxriy yorligʻi va 2 nafariga vazirning esdalik qoʻl soati tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, yana bir guruh xodimalar boshqarma boshligʻining faxriy yorligʻi hamda tashakkurnomasi va qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi. Qolaversa, 188 nafar xotin-qizlar viloyat IIB boshligʻining buyrugʻi bilan moddiy ragʻbatlantirilib, ayrim xodimalarning intizomiy jazo choralari ragʻbatlantirish tariqasida muddatidan ilgari bekor qilindi.
Shu bilan birga, bayram munosabati bilan viloyat hamda respublika darajasida oʻtkazilgan turli koʻrik-tanlov hamda sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan 5 nafar xodimalarga diplom, pul va boshqa qimmatbaho sovgʻalar berilib, 2 nafar faxriy xodimalar ham munosib eʼtirof etildi. Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar-tumanlari boʻylab qizgʻin davom etmoqda.
Umid UTAYEV,
Buxoro viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari,
podpolkovnik.
