Samimiy sheʼrlari ohangrabo qoʻshiqlarga aylanib, har bir oʻzbek xonadoniga kirib borgan lirik shoir Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan. Shu yerda oʻrta maktabni tugatgach, respublika Rus tili va adabiyot institutiga oʻqishga kirib, uni 1978 yilda bitirgan.
Ijodga havas uni oliy maʼlumot olgach Toshkentda qolishga undaydi. Oʻqishni bitirib, Oʻzbekiston kitobxonlar jamiyatiga muharrir boʻlib ishga kiradi. Soʻngra, “Toshkent oqshomi” gazetasida muxbir, “Oʻzbekiston adabiyot va sanʼati” gazetasida musahhih, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida muxbir, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida bosh muharrir oʻrinbosari, “Tafakkur” jurnalida boʻlim mudiri lavozimlarida faoliyat yuritadi.
Shoir 1996 yil shoir Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzosi boʻladi. Avvaliga u adabiy maslahatchi boʻli ishlaydi. Keyinchalik umrining oxiriga qadar Uyushmada rais oʻrinbosari vazifasida faoliyat olib boradi.
Badiiy ijod bilan talabalik davridan shugʻullana boshlagan, ammo sheʼrga gʻoyat maʼsuliyat va talabchanlik bilan munosabatda boʻladigan Muhammad Yusuf ilk toʻplami – “Tanish teraklar”ni 1985 yilda nashr ettirdi. Birinchi kitobiyoq uni elga tanitdi, toʻplamdagi sheʼrlardan dunyoga kelgan diltortar qoʻshiqlari esa uni mashhur qildi. Iqtidorli shoirning “Bulbulga bir gapim bor”, “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari”, “Ishq kemasi”, “Koʻnglimda bir yor”, “Bevafo koʻp ekan”, “Yolgʻonchi yor”, “Erka kiyik”, “Osmonimga olib ketaman” kabi koʻplab sheʼriy kitoblari bosilib chiqqan. Shoirning Vatan, muhabbat, vafo, tarix, taqdirlar haqida kuylagan sheʼrlarida hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Uning sheʼrlari oddiy, ravon, soddaligi bilan xalq ogʻzaki ijodiga hamohangligi bilan ham sevib oʻqiladi.
Muhammad Yusuf “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga, “Doʻstlik” ordeniga sazovor boʻlgan. Alohida eʼtirof etish joiz, u oʻsha kezlari Oʻzbekistondagi eng yosh xalq shoiri edi.
Poytaxtimizning Adiblar xiyoboni hamda oʻzi tugʻilib oʻsgan Marhamat tumanida shoirning haykali oʻrnatilgan.
Adolat FAYZIEVA tayyorladi.
