Abdulla Oripov 1941-yil 21-martda Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga qarashli Nekoʻz qishlogʻida tugʻilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. Oʻzbek adabiyotiga 1965-yilda «Mitti yulduz» sheʼriy toʻplami bilan kirib kelgan shoirning «Koʻzlarim yoʻlingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «Oʻzbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qalʼasi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «Haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003) singari kitoblari nashr etilgan. «Sohibqiron» sheʼriy dramasi respublikaning barcha yirik teatrlarida sahnalashtirilgan.
Dantening «Ilohiy komediya»sini, A. N. Nekrasov, L. Ukrainka, T. Shevchenko, R. Hamzatov, Q. Quliyev asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. A. Oripov Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi hamdir. Hamza hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati.
Sen bahorni sogʻinmadingmi?
Uygʻonguvchi bogʻlarni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonogʻingdan rang olgan dedim –
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo oʻzingni,
– Sen bahorni sogʻinmadingmi?
Uzoqlardan zarvorli togʻlar,
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chogʻlar,
Vasling menga boʻlmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham gʻarib,
– Sen bahorni sogʻinmadingmi?
Ungurlarda sakraydi ohu,
Naʼmatakda saʼva mittijon.
Qorliklardan sipqorilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
– Sen bahorni sogʻinmadingmi?
Mana, bugun Navroʻzi olam,
Doʻstlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, suyukli erkam…
Qoʻlimda gul seni kutarman,
Umrim boʻyi chorlab oʻtarman:
– Sen bahorni sogʻinmadingmi?
