Sanʼat olamini uning yulduzlarisiz tasavvur qilish qiyin, albatta. Zero ularning shon-shuhrat va mashhurlik choʻqqisiga chiqquncha chekkan zahmatlari muxlislarda hayotga qiziqish hissini oshiradi hamda yulduzning sirli olami tomon yetaklaydi.

 Oʻzbek sanʼatining rivojiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan xalqimizning sevimli farzandi, isteʼdodli aktyor Tesha Moʻminov sanʼat olamining ana shunday yorqin yulduzlaridan biri. U 1949-yil 25-noyabr Buxoro shahrida tavallud topgan. 1970-yil Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. 1968-yildan hozirgi kunga qadar Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyori sifatida samarali ijod qilib kelmoqda.

«Ajal minorasi» (A.Dyuma)dagi Orsiniy Moʻminovning sahnada yaratgan ilk yirik obrazidir. Teatr sahnasida Devona (M.Karim, «Oy tutilgan tunda»), Gʻofir (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Yoʻlchi (Oybek, «Kutlugʻ qon»), Koriolon (U.Shekspir, «Koriolon»), Qor odam (T.Yunusov, «Qor odam»), Shayton (S.Imomov, «Shayton va farishta»), Shox Maʼmun (X.Rasul, «Piri Koinot»), Shpigelberg, Grimm (F.Shiller, «Karokchilar»), Piri zindoniy (M.Shayxzoda, «M.Ulugʻbek»), Turdivoy (Uygʻun, I.Sulton, «A.Navoiy»), Soxibqiron (A.Oripov, «Soxibqiron Amir Temur»), Joʻra Azim («Bir qadam yoʻl») kabi rollari bilan tanildi. Ayniqsa, Piri Zindoniy, Shpigelʼberg, Devona, Gʻafur, Yoʻlchi, Koriolan, Joʻra obrazlari uning faqatgina ijodiy biografiyasini boyitibgina qolmay, balki aktyor sifatida shakllanishida ham muhim ahamiyat kasb etgan. 

Tesha Moʻminov video va televizion filʼmlarda ham oʻziga xos esda qolarli obrazlar yaratdi. U dublyaj sanʼatida ham samarali ijod qiladi. Mamlakatimizdagi tantanalar va bayramlarning faol ishtirokchisi. Teatr jamoasi orasida obroʻ-eʼtibori baland. Koʻplab uchrashuvlar va gastrollarda beminnat xizmati tufayli tomoshabinlarning olqishi va hurmatiga sazovor boʻlgan.

Xalqimizning sevimli sanʼatkori 1992-yil «Oʻzbekiston xalq artisti» faxriy unvoni, 2019-yil esa «Mehnat faxriysi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

Sherzod Abdusamadov tayyorladi.