Tohir Malik (Hobilov Tohir Abdumalikovich) 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Oʻzbek fantastikasining asoschilaridan biri. Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan (1969). Birinchi yirik asari – «Hikmat afandining oʻlimi». Adibning «Zaharli gʻubor», «Falak», «Somon yoʻli elchilari», «Chorrahada qolgan odamlar», «Bir koʻcha, bir kecha», «Alvido, bolalik», «Soʻnggi oʻq», «Ov» kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashhur. «Shaytanat» romani (1-kitob, 1992; 2-kitob, 1995; 3-kitob, 1997; 4-kitob, 2000) yozuvchining yirik asarlaridandir. Asar asosida koʻp seriyali telefilm yaratilgan. «Jinoyatning uzun yoʻli» ilmiy-tahliliy risolasi, «Mehmon tuygʻular» nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar toʻplami ham bor. Uning «Amir Temur davri adabiyoti», «Varaxsha», «Unvoni inson», «Sohilsiz dengiz», «Zulmat saltanati», «Moshtabib» stsenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.
Rus yozuvchisi F. Dostoyevskiyning «Maʼsuma» qissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Tohir Malik 2019 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.
Tohir Malik oʻzining barakali ijodi va ibratga toʻla hayotini oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, ularning maʼnaviy-axloqiy kamolotiga bagʻishladi. Uning asarlarida odob-axloq, mehr-oqibat va odamiylik fazilatlari targʻib qilingan. Yozuvchi ijodidagi gʻoyalar kitobxonni jamiyat illatlaridan ogoh boʻlishga, inson ruhiyatidagi baʼzi qusurlardan xalos boʻlishga chorlaydi.
Sevimli yozuvchimiz umrining soʻngiga qadar ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qildi. IIV Akademiyasining Tillarni oʻrganish kafedrasida kursantlarga saboq berish barobarida, yoshlarni adabiyotga oshno etish, yurtga daxldorlik hissi bilan yashash, xalqimizga muhabbat va sadoqat bilan xizmat qilishga undab keldi.
