XX asrning eng mashhur siyosatchilaridan biri Uinston Cherchill 1874-yilning 30-noyabrida Buyuk Britaniyaning Oksford shahri yaqinidagi Blenheym mavzesida tugʻilgan. Sandherst qirollik harbiy akademiyasini tamomlagach, jurnalist va harbiy sifatida faoliyatini boshlaydi.
U Britaniya imperiyasi oʻz qudratining choʻqqisiga chiqqan paytda ingliz armiyasida xizmat qiladi. Dastlab, mustaqillik urushi ketayotgan Kubaga, keyinroq esa Hindistonga joʻnatiladi. 1898-yilda nashr etilgan birinchi kitobi «Malakand dala kuchlari hikoyasi» Hindistonning shimoli-gʻarbiy chegara viloyatlarida orttirgan tajribalari haqida hikoya qiladi. Shu yili Sudanga xizmatga yuborilgan Cherchill Omdurman jangida qatnashadi.
Shundan soʻng harbiy xizmatni tark etib, «London Morning Post» gazetasiga ishga kiradi va dunyo boʻylab sayohat qiladi. Bur urushini yoritish uchun Janubiy Afrikaga joʻnatilgan Cherchill raqib askarlariga asir tushib, epchilligi tufayli ulardan qochishga muvaffaq boʻladi. U yerdan Mozambikkacha salkam besh yuz kilometr yoʻl bosib yetib borgan ingliz jurnalisti bu haqda «Londondan Pretoriya orqali Ledismitga» kitobida batafsil hikoya qiladi.
Angliyaga qaytib kelgan Cherchill yana 5 ta kitobini nashrdan chiqaradi. 1908-yili Savdo palatasi prezidenti etib tayinlangan Cherchill Buyuk Hukumat tarkibiga kiradi.
U qamoqxona tizimida bir qancha islohotlarni amalga oshirib, birinchi bor eng kam ish haqi joriy qiladi. Ishsizlikni kamaytirish uchun mehnat birjalari va ishsizlikdan sugʻurtalash tizimini tashkil etishda faol ishtirok etadi. 1911-yili Admiraliyaning birinchi lordi etib tayinlangan Uinston bor eʼtiborini tashqi siyosatga qaratib, tobora kuchayib borayotgan Germaniyaga qarshi kurashish uchun dengiz flotini modernizatsiya qiladi, mustaqil havo kuchlarini tuzadi va tankni ixtiro qilishga homiylik qiladi.
Ikkinchi jahon urushining tobora Germaniya foydasiga hal boʻlayotganini koʻrgan angliyaliklar yangi rahbar tanlashga majbur boʻladi. 1940-yilning may oyida qirol Jorj VI Cherchillni Buyuk Britaniya Bosh vaziri etib tayinlaydi. Oʻzining Hukumat rahbari sifatidagi birinchi nutqida Cherchill gʻalaba sari yoʻl uzoq va mashaqqatli boʻlishini taʼkidlaydi.
1951-yil Uinston yana bosh vazirlik lavozimini qoʻlga kiritadi. Ammo Angliya endi Cherchill avvalgi faoliyatini boshlagan davrdagidek kuchli emasdi. Ancha keksayib qolgan Uinston ham 1955-yili butunlay hukumat va partiyani tark etib, deputatlik bilan shugʻullanadi.
Buyuk Britaniya oldidagi buyuk xizmatlari uchun Cherchillga 1953-yili qirolicha Yelizaveta II tomonidan Garter ordeni ritsari unvoni beriladi. Shu yili u «tarixiy va biografik mavzulardagi tasvirlash mahorati hamda yuksak insoniy qadriyatlarni himoya qilishdagi ajoyib notiqligi uchun» Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
Sogʻligʻining ancha yomonlashishiga qaramay, jamiyat hayotida faol boʻlishga intilgan keksa siyosiy arbob 1965-yili hayot bilan vidolashadi. Ammo oʻzining ajoyib kitob va nutqlari, siyosiy ambitsiyasi tufayli jahon tarixida oʻz oʻrniga ega boʻlan Uinston Cherchillni dunyo ahli unutmaydi aslo.
«Postda» muxbiri Mixli SAFAROV tayyorladi.
