Yaqinda IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan 7532-harbiy qism qoʻmondonligi va uning 3-batalʼonida buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy gʻazal mulkining sultoni” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda ishtirok etgan davlat va jamoatchilik vakillari atoqli shoir va mutafakkirning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki dunyo adabiyoti tarixida hamda milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Shuningdek, ishtirokchilar A. Navoiy oʻz ijodida yuksak umuminsoniy gʻoyalar, ulkan soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan joy olganligini keltirib oʻtishdi.
Shu boisdan, soʻnggi yillarda buyuk shoirning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimiz va xorijda keng targʻib qilish hamda xotirasini yanada abadiylashtirish maqsadida koʻplab ishlar amalga oshirilayotganiga ham toʻxtalib oʻtishdi.
Shunday qilib, mazmunli tarzda oʻtgan ushbu tadbir yakunida unda faol ishtirok etganlarga harbiy qism qoʻmondonligining qimmatbaho esdalik sovgʻalari va tashakkurnomalar topshirildi.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
