«Chirogʻing oʻchganda, doʻst-ku doʻst, hatto
Koʻchangdan uchmaydi parvonalar ham...»
Soxta doʻstlar va xushomadgoʻylarga koʻzgu tutuvchi bu hayotiy misralar asosida yaratilgan qoʻshiqni tinglasangiz, sizga begona boʻlmagan taqdir chizgilari qogʻozda jilvalanib turganidan hayratga tushasiz.
Shoir Shamsiddin Sadoiyning «Davlating borida...» sheʼrini haqli ravishda muallifga ham, ijrochiga ham shon-shuhrat olib kelgan noyob asarlar sirasiga kiritish mumkin.
– 2001 yil bu sheʼr Oʻzbekiston xalq artisti Nuriddin Haydarovga shoir Shamsiddin Sadoiy tomonidan beriladi, – deya xotirlaydi Nuriddin Haydarovning shogirdi, uzoq yillar ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgan xonanda, isteʼfodagi kapitan Muhiddin Obilov. – Ustoz oʻsha paytda Toshkent shahar IIBB Maʼnaviyat markazi rahbari lavozimida xizmat qilardi. Tabiiyki, sheʼr Nuriddin akaga manzur boʻlgandi. Uning yaqin hammaslaklaridan biri Abdusalom Qoʻziboyev ham bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlaydi. Shu oʻrinda isteʼdodli bastakor Muhammadjon Marahimov ushbu qoʻshiqqa mahorat bilan kuy bastalaganini alohida eʼtirof etish lozim...
Matn, musiqa va ijro. Bu uchlik mukammal boʻlgandagina xalqning koʻnglidan joy olishi, shubhasiz. Yurakdan aytilgan soʻz yurakka boradi, deganlaridek, 2003 yilda, qoʻshiq ilk marotaba televideniye orqali namoyish etilgandan soʻng xalq orasida juda ommalashib ketadi.
2003 yilda poytaxtimizdagi muhtasham «Xalqlar doʻstligi» sanʼat saroyida elimizning sevimli sanʼatkori, uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan podpolkovnik Nuriddin Haydarovning soʻnggi kontsert dasturi boʻlib oʻtadi. «Davlating borida» deb nomlangan sanʼat bayramida mazkur qoʻshiq ijro etilgach, butun zal oyoqqa qalqadi. Qarsaklar ovozi qariyb yarim soat tinmaydi...
Oʻzbekiston xalq artisti N. Haydarov ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyati davomida xodimlarni kasbga muhabbat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshdi. Ichki ishlar vazirligi miqyosida oʻtkazilgan barcha tadbirlar N. Haydarov ishtirokida fayzli oʻtganini alohida eʼtirof etish lozim. U qanday tadbir boʻlishidan qatʼi nazar, barchasiga jiddiy tayyorgarlik koʻrar va jonli oʻtishini taʼminlardi. Xodimlar ushbu maʼnaviyat maskaniga tashrif buyurar ekan, chin maʼnoda madaniy hordiq chiqarib ketishi zarurligini doimo uqtirardi.
Bugungi kunda uning sharafli kasbini koʻplab shogirdlari sadoqat bilan davom ettirib kelmoqda. Oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlishiga qaramasdan, u ijro etgan qoʻshiqlar xodimlarning, qolaversa, yoshlarning vatanparvarlik ruhida kamol topishida hamon oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Shu bois bugungi kunda ham osoyishtalik posbonlari sevimli sanʼatkorining qoʻshiqlarini sogʻinib, uni doimo hurmat va ehtirom bilan tilga oladi.
* * *
Davlating borida, avjing zoʻrida,
Yoʻqlab kelar hatto begonalar ham.
Davlating yoʻgʻida, baxting shoʻrida,
Saloming olmaydi devonalar ham.
Davlating borida, uying toʻrida,
Oyogʻing oʻparlar mastonalar ham.
Chirogʻing oʻchganda, doʻst-ku doʻst, hatto
Koʻchangdan uchmaydi parvonalar ham.
Omad osmonidan tushsa yulduzing,
Bahor, yozing oʻtib, kelsa gar kuzing.
Qoʻlingni oʻpganlar koʻmarlar izing,
Ustingdan kularlar hayronalar ham.
Boʻyningga ilsang ham gado toʻrvasin,
Ichmagil nokasning yogʻli shoʻrvasin.
Ollohimdan soʻra, bergay barchasin,
Tilloga aylangay ostonalar ham.
Kecha yonginamda yurganding yayrab,
Koʻzim oynasida sochlaring tarab.
Bu kun izlaringdan qoldim-ku qarab,
Demak, rost ekan-da, afsonalar ham.
Yulduzday bir yondim, oʻcharman, jonim,
Hijron yoʻq joylarga koʻcharman, jonim.
Sadoiydan yodgor senga bu qabrim,
Sargʻaygan daftarim, taronalar ham...
Shamsiddin SADOIY
