Turkman millatiga mansub boʻlgan A.Pshiyevning otasi Dadebay Pshiyev mutaxassisligi boʻyicha iqtisodchi boʻlib, uzoq yillar davomida qilgan savobli ishlari sabab ushbu hudud aho­lisi uni haligacha ijobiy xotirlaydi. U turmush oʻrtogʻi Jumagul Omondur­diyeva bilan 5 oʻgʻil va 2 nafar qizni tarbiyalab, ularni mehnatsevar va ilmli boʻlib yetishishiga alohida eʼtibor qaratdi.

Bugungi kunda mazkur koʻp millatli baynalmilal oila boshligʻi J.Omondur­diyeva 

16 nafar nabira, 1 nafar evaraning suyukli buvisidir. Nevaralarning bir nechtasi oilaviy kasbni davom ettirib, oʻqituv­chi va shifokorlik kasbini tanlagan.

Maqolamiz qahramoni 2007-yilda Oʻzbekiston IIV Akademiyasining Serjantlar tayyorlash Oliy kursiga oʻqishga kirib, dastlabki faoliyatini Qoʻngʻirot tuman IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmatida vzvod komandiri lavozimida boshlaydi. Keyinchalik, Qoraoʻzak tuman IIB HPB profilaktika inspektori, HPB boshligʻi, Amudaryo tuman IIB boshligʻining oʻrinbosari boʻlib ishlab, hozirgi paytda Beruniy tuman IIB boshligʻining oʻrinbosari, Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi lavozimida xizmat qilib kelmoqda. 

Shuningdek, u turmush oʻrtogʻi Nazokat Xidirboyeva bilan Muratbek, Yulduz va Imona ismli farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda.

– Men tugʻilib oʻsgan Toʻrtkoʻl tumani asosan turkman, qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq millatlari vakillaridan tashkil topgan boʻlsa, bizning oila­mizda ularning barchasi jamlanib, quda-andachilik rishtalari bilan bogʻlangan. Ular oʻzaro suhbatda oʻz tillarida soʻzlashishiga qaramasdan, bir-birini bemalol tushunishadi. Bolalarimiz esa ana shu toʻrt tilda ham ravon gapiradi. Bunday olib qaraganda biz­ning oilada nafaqat tuman, balki, yurtimizda yashovchi millat vakillarining ogʻizbirligi, totuvligi tasdigʻini topgan desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Tuman IIB shaxsiy tarkibi ham turli millat vakillaridan tashkil topgan, hamma bir oiladek boʻlib ketgan. Biz bir ekanmiz, hech qanday xavf-xatar tinchligimizga raxna sola olmasligiga ishonchim komildir, – deydi Allayar Pshiyev.

– Yana bir narsani alohida taʼkidlab oʻtish joizki, onamiz turli millat vakillaridan iborat boʻlgan oila ahilligini, yaqin munosabatlarni saqlashda bosh-qosh boʻlib kelmoqda. Ishonasizmi, hozirda oilamiz aʼzolari alohida uyga ega boʻlsa ham xuddi «Kelinlar qoʻzgʻoloni» filmidagidek maosh hisobidan maʼlum miqdorda umumiy byudjet yigʻilib boriladi. «Koʻpniki koʻl boʻladi» deganlaridek hozirda birontamizda kredit olishga hojat yoʻq. Biron-bir zaruriyat paydo boʻlsa, umumiy mablagʻdan ajratiladi. Bu oila aʼzolarining iqtisodiy holati uchun juda foydalidir.

Yana bir foydali jihati, shuning hisobidan yaqinda ona­mizni Haj safariga yubordik. Bu orqali barchamiz ota-ona oldidagi farzandlik burchimizning kichik bir qisminigina ado eta oldik deb oʻylayman. Albatta, har bir farzand uchun vaqtida tarbiya­lab voyaga yetkazgani evaziga ota-onasining duosini olish, uning baxtiyorligini his etishdan ortiq baxt boʻlmasa ke­rak deb oʻylayman, – deydi A.Pshiyevning turmush oʻrtogʻi, oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha oʻqituvchi Nazokat Xidirboyeva.

Darhaqiqat, yurt mustaqilligi va tinchligini taʼminlash diyorimizda yashovchi barcha uchun muhim jihatdir. Shunday ekan, joriy yil Prezidentimiz qaroriga binoan mustaqillik bayramining «Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» degan shior ostida oʻtkazishning belgilanishi inson qadri va manfaatlari ustun deb belgilangan ijtimoiy davlat va xalqparvar jamiyat qurish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir koʻrinishi hisoblanadi.

Azamat PIRNIYAZOV,

oʻz muxbirimiz.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.