IIV Madaniyat saroyi Ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandalari, soʻz ustalari ishtirokida Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Sariosiyo tumanlari markaziy oʻyingohlarida hamda Termiz shahridagi Sanʼat saroyida konsert dasturlari namoyish etildi.
Konsert dasturlarida ijro etilgan kuy-qoʻshiqlari, diltortar navolari, hangomalar tashrif buyurgan tomoshabinlarning olqishiga sazovor boʻldi.
Konsert dasturi davomida oʻtkazilgan “Omadli ishtirokchi” oʻyinida faol ishtirok etganlar qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Konsert dasturi yakunida esa, IIV Madaniyat saroyi boshligʻi, podpolkovnik U.Tillayev boshchiligidagi sanʼatkorlar hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari va farzandlari bilan dildan suhbat qurib, ularga esdalik sovgʻa-salomlarini ulashishdi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishi asosida “Dillarda Vatan madhi” shiori ostida oʻtkazilgan qoʻshiq va sheʼriyat tanlovining viloyat bosqichida faxrli oʻrinlarni egallagan yoshlarga diplom, pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Konsert dasturi davomida viloyat IIB tarkibiga kiruvchi sohaviy xizmatlarning maxsus texnikalari, qurol-aslahalari hamda Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadining jangovar chiqishlari namoyish etildi.
Oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
