Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan II Jahon urushi qatnashchilari va faxriylariga ehtirom koʻrsatildi.
Fargʻona shahrining Ibn sino koʻchasida istiqomat qiluvchi front orti mehnat faxriysi Qoʻchqor ota Dadajonov shu kunlarda 96 yoshni qarshi oldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻraev bayram kuni Qoʻchqor otaning xonadoniga borib, u bilan samimiy suhbatlashdi. Nuroniyga bayram sogʻalari taqdim etildi.
Oltiariqlik Toʻlanboy ota Shokirov ham urushning tirik afsonasi. Urushda qatnashib, yurtga eson-omon qaytganidan soʻng ichki ishlar tizimiga ishga kirib, 30 yil el-yurt osoyishtaligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan faxriy bugun nabiralari va chevaralarining duogoʻyiga aylangan. Shu kuni Toʻlanboy otaning holidan xabar olinib, unga ehtirom koʻrsatildi. Pul mablagʻi va bayram sovgʻalari topshirildi.
Rishtonlik II Jahon urushi qatnashchisi va ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi mayor Mirzaahmad ota Sulaymonov ham yoshlik va navqironlik yillarini jangohlarda oʻtkazgan. Urushdan keyin 30 yil davomida ichki ishlar organlari safida fidokorona xizmat qilib, nafaqaga chiqqan.
Boshqarma rahbariyati Mirzaahmad otani yoʻqlab, unga Ichki ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan pul mablagʻi va bayram sovgʻalarini topshirishdi.
Barcha faxriylarga Yurtboshimiz va Ichki ishlar vazirining bayram tabriklari oʻqib eshittirildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.