Zamondoshlarimiz orasida butun faoliyatini el-yurt osoyishtaligini taʼminlashga baxshida etgan koʻplab ichki ishlar organlari xodimlari bor. Hayotini shu muqaddas ona Vatan taqdiri bilan chambarchas bogʻlagan ana shunday fidoyilardan biri yuridik fanlar doktori, isteʼfodagi polkovnik Abdugʻafur Sattarovdir.
Har bir insonning shaxs sifatida shakllanib, hayotda munosib oʻrin topishi, avvalo, oiladagi maʼnaviy-axloqiy muhitga bogʻliq. Jizzax viloyatining Jizzax tumanida tugʻilgan Abdugʻafur aka bolaligidan kitobga mehr qoʻydi. Oiladagi ijobiy muhit uning taʼlim-tarbiyasida muhim oʻrin tutdi. Maktabni aʼlo baholar bilan tamomlagan qahramonimiz Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakulʼtetini ham imtiyozli diplom bilan tugatdi.
Oʻqishni tugatgach, 30 yil davomida ichki ishlar organlarida va IIV Akademiyasida turli rahbarlik lavozimlarida sidqidildan mehnat qilib keldi. Abdugʻafur Sattarov xizmatdan ajralmagan holda, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Ibrohim Moʻminov nomidagi falsafa va huquq instituti aspiranturasiga oʻqishga kirdi va nomzodlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli yoqlab, yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻldi.
1987–1988-yillarda Moskva shahridagi sobiq ittifoq IIV Akademiyasining rahbar kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish fakulʼtetida tahsil oldi. Uning oʻziga xos intellektual salohiyati ilm yoʻlida izlanishlarni davom ettirishga undadi. Shu tariqa, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimining doktoranti boʻldi. 2001-yildan IIV Akademiyasining inson huquqlari nazariyasi va amaliyoti kafedrasiga rahbarlik qila boshladi. Doktorlik dissertasiyasini ham muvaffaqiyatli yoqladi.
A. Sattarov ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilish bilan birga, ilmiy-pedagogik faoliyatini ham muntazam ravishda olib bordi. U dissertasiya himoyasini muvaffaqiyatli yakunlagan 10 dan ortiq fan doktori va fan nomzodlarining ustozi, amaliyot sohasida xizmat qilayotgan yuzlab shogirdlar uni oʻzlarining murabbiyi deb biladi.
U namunali oila boshligʻi hamdir. Turmush oʻrtogʻi Marhamat opa bilan ikki oʻgʻil, ikki qizni tarbiyalab kamolga yetkazdi. Oʻgʻillari ota izidan borib, mamlakatimiz tinchlik-osoyishtaligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshmoqda. Nevara-chevaralari qurshovida umrguzaronlik qilayotgan Abdugʻafur aka hamon gʻayrat-shijoatli. IIV Faxriylar kengashi aʼzosi sifatida faxriylar holidan xabar olish va ular ishtirokida turli tadbirlarni tashkil etishda amaliy takliflari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Hozirgi kunda isteʼfodagi polkovnik A. Sattarov IIV Kasaba uyushmalari qoʻmitasida bosh mutaxassis lavozimida xizmat qilib, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida turli sport musobaqalari oʻtkazish kabi ezgu ishlarga bosh-qosh boʻlmoqda.
Bugungi kunda koʻplab ichki ishlar organlari faxriylari mahalla fuqarolar yigʻini raisi va boshqa xalq farovonligini oshirishga hissa qoʻshuvchi turli sohalarda xizmat qilmoqda. A. Sattarov mamlakatimiz miqyosida faxriylar bilan yosh xodimlar oʻrtasida uch avlod uchrashuvlari va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etib, oʻzining tajribalarini yosh xodimlar bilan baham koʻrib kelmoqda. Bunday tadbirlar yoshlarni vatanparvarlik va kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutmoqda.
Shuningdek, mamlakatimiz miqyosida ichki ishlar organlarining quyi tizimida faoliyat yuritayotgan birlamchi kasaba uyushmalari tashkilotlari ish jarayonini oʻrganish va ularga amaliy yordam berish borasidagi saʼy-harakatlarini ham eʼtirof etish lozim.
Fursatdan foydalanib, hamon el xizmatiga kamarbasta boʻlib kelayotgan isteʼfodagi polkovnik Abdugʻafur Sattarovni qutlugʻ 65 yoshi bilan qutlar ekanmiz, unga uzoq umr, oilaviy xotirjamlik tilab qolamiz.
Sherzod ABDUSAMADOV,
oʻz muxbirimiz.
