9-aprel – mamlakatimiz tarixida munosib oʻrin tutgan bu buyuk zotning tavallud kuni har yili yurtimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yil 2-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi ” ijrosini taʼminlash maqsadida bugun IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, birinchi mintaqaviy hudud 24-tarbiya kolonoyasi xodimlari hamda Qorovul qoʻshinlarining 7531-harbiy qism harbiy xizmatchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. 

Muzey bugun har kungidan gavjumdir. Turli tashkilotlardan kelgan mehmonlar, maktab oʻquvchilari katta qiziqish bilan tarixiy eksponatlar bilan tanishmoqdalar. Bilamizki, muzeyning asosiy maqsadi Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini aks ettirish va keng targʻib qilish, chuqur insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan tarixiy yutuqlarimiz va anʼanalarimiz asosida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir. Muzey fondining asosiy qismi Amir Temur va temuriylar davriga oid qoʻlyozma asarlar, turli davlatlar hukmdorlari bilan olib borilgan yozishmalar, tangalar, sopol va mis buyumlar, meʼmoriy bezak qoplamalari, kitoblar, etnografik buyumlar, yurtimiz rassomlari asarlari kabi nodir eksponatlardan iborat.

– Muzeyga tashrifimiz davomida Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizning sarkardalik sanʼati, Vatanimiz tarixi xususida soʻzlovchi eksponatlar, osori-atiqalar bizda katta qiziqish uygʻotdi, – deydi Departament kasbiy tayyorgarlik boʻlimi katta inspektori, leytenant Boyqoʻziev Bekzod. – Bu kabi tadbirlar vatanimiz tarixiga, uning buyuk tarixiy shaxslariga yana bir nazar solib, vatanparvarlik hissini tuyishimiz, xalqimizning tarixidan fahrlanishimizga sabab boʻladi. Shu oʻrinda tashkilotchi va muzey xodimlariga oʻz minnatdorchiligimizni bildirmoqchimiz.

Aziza JONIEVA.

Suratlar muallifi Inomjon Rahimxoʻjaev.