«Eskijoʻva» Sebzor dahasining qadimiy mahallalaridan biri boʻlgan. Mahsidoʻzlik koʻchasida mahalla hunarmandlarining asosiy qismi joylashgan boʻlib, savdo-sotiq qaynagan joylardan biri hisoblangan. Vaqt­lar oʻtib bu qadimiy mahalla ham markaziy bozorning bir qismi va keyinchalik bozorning asosini tashkil qilib, Eskijoʻva nomi bilan atala boshlangan.

Professor X. Hasanov «Eskijoʻva» – mahalla nomi, harbiy aslahalar ombori (joʻvaxona) boʻlganidan bu joy shunday nom olgan, deydi. Haqiqatan ham, jiba «sovut» degan soʻz.

Qadimshunos olima V.Bulatova esa taniqli olima O.Smirnova asarlarida «eski» soʻzi soʻgʻd tilida «ba­land» degan maʼnoni anglatishi keltirilganini yozadi. Bu termin qadimiy Toshkentga juda mos degan xulosaga kelib, Eskijoʻva «baland bozor» degani, deydi va isboti tariqasida «Toshkent» yetti soy va yetti tepalikdan qad koʻtargan, degan afsonani keltiradi.

XVI asrda Toshkentning oʻrdasi eski shahar qismidan Beshyogʻoch tarafga koʻchirildi. Tabiiy­ki, uning qurol-aslaha saqlanadigan ombori ham yangi joyga koʻchiriladi. Eski omborxona esa eski jiba, yaʼni, eski ombor­xona nomida qoladi. Vaqtlar oʻtishi bilan jiba joʻva koʻrinishini olib, Eskijoʻva deb atala boshlangan.