Uning uchta orzusi bor edi: yuqori maoshli yaxshi ishga kirish, goʻzal va oqila qizga uylanish hamda dunyoga mashhur boʻlish.

Qishning ayozli va izgʻirinli kunlari. U dongʻi ketgan bir kompaniyaga ishga kirish ilinjida suhbatdan oʻtish uchun ketardi. Birdan qarshisidan kelayotgan bir qariya yaxmalakda sirpanib, yiqilib tushdi. Bizning qahramonimiz unga bir boqdi-yu, lekin yordam qoʻlini uzatmay, shoshgancha yoʻlida davom etdi. U suhbatga oʻz vaqtida ulgurdi, ammo ishga olinmadi.

Kunlardan birida u tungi shahar boʻylab sayr qilardi. Koʻchada tomoshalar qoʻyuvchi bir guruh artistlar oʻz isteʼdodini namoyish etayotgan edi. Shunda birdan kimdir uning yelkasidan turtdi. Yigit oʻgirilib qaradi-yu, yonida masxaraboz kampir turganini koʻrdi. U bilan suhbat qurgisi kelmadi, jirkanib ortiga oʻgirildi va uyi tomon ketdi. 

Yomgʻirli oqshomlardan birida yigit doʻstining tugʻilgan kunidan qaytardi. Kun juda ogʻir oʻtgan boʻlib, u tezroq vanna qabul qilib, yumshoq oʻringa yotishga oshiqayotgandi. Birdan kimningdir yigʻlayotgan boʻgʻiq ovozini eshitib qoldi. Oʻrta yoshli bir ayol oʻrindiqda oʻtirgancha dardli koʻzyosh toʻkardi. Sovuq kunda egniga yengil kamzul kiygan xotinning qoʻlida soyaboni ham yoʻq edi. U oʻziga hayron boʻlib boq­qan kishiga firibgarlarning nayrangi qurboni boʻlgani va uyidan ayrilganini alam bilan soʻzlab berdi. Lekin tezroq hordiq olishni istayotgan yigit vaqti yoʻqligini, hech qanday yordam bera olmasligini aytib, ichkariga kirib ketdi. 

Oradan yillar oʻtib, baxt nima ekanini bilmay qarib qolgan qahramonimiz bir kuni tush koʻribdi. Tushida farishtaga shunday debdi:

 – Bilasanmi, hayotim juda baxtsiz va maʼnisiz oʻtdi. Uchta orzuyim bor edi. Lekin, afsuski, hech biri roʻyobga chiqmadi.

Shunda farishta ham tilga kiribdi: 

– Eh, doʻstim. Aslida taqdir orzularing amalga oshishi uchun senga bir necha imkoniyat taqdim etgan edi. Sen shunchaki koʻzingni kattaroq ochib, yordam qoʻlini uzatishing va mehr ulashishing kerak edi, xolos. Qishning sirpanchiq yoʻllarida qarshingda yiqilgan odam esingdami? U oʻsha sen shoshayotgan mashhur firmaning bosh direktori edi. Uning mashinasi buzilib qolib, bir bekat piyoda yurishiga toʻgʻri kelgandi. Agar unga yordam berganingda, seni omadli ish faoliyati kutayotgandi. 

Qari masxaraboz ayol ham yodingdadir? Aslida u grimdagi goʻzal bir qiz edi. Ikkingizni baxtli oilaviy hayot kutayotgandi. Lekin sen oʻz baxtingdan yuz oʻgirding. 

Sharros yomgʻir yogʻayotgan kuni uying yonida yigʻlab oʻtirgan nochor ayol esa mashhur yozuvchi edi. Agar uning dardiga quloq tutib, qoʻlingdan kelgancha yordam qilganingda, u kitoblaridan birini senga bagʻishlab, qilgan yaxshiligingni tilga olardi. Bu voqea hikoya qilingan kitob, unga qoʻshilib sen ham dunyoga tanilgan boʻlarding. Hayot yoʻlingda sendan faqatgina mehrli, eʼtiborli va marhamatli boʻlish talab qilingandi. Ammo sen beeʼtibor boʻlding, doʻstim...

Qariya choʻchib uygʻonib ketdi va gʻamgin koʻzlarini shiftga tikkancha, ogʻir xoʻrsindi...

Sahifa materiallarini 

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.