Prezidentimizning «Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq, IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tomonidan Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda respublika «Istiqbolli avlod» nodavlat-notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda «Xotin-qizlar orasida qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy videoroliklar» tanlovi oʻtkazildi.
IIV Madaniyat saroyida 25-noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tanlovga internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlar orqali 100 ga yaqin ijtimoiy videorolik kelib tushdi. Mazkur videoroliklar ishchi guruh tomonidan xolisona oʻrganib chiqildi va baholandi.
Tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetining 1-bosqich talabasi – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi operator-montajchisi Murod Fayziyevga 1-darajali diplom, 10 mln soʻm pul va qimmatbaho sovgʻa topshirildi. Shuningdek, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan Namangan davlat universiteti talabasi Sevinch Sobirjonova hamda Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Kamola Aliyeva ham diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, «Eng yaxshi operator», «Eng yaxshi videomontajchi» va «Eng yaxshi infografist» nominasiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, qimmatbaho sovgʻalarga ega boʻldi.
– Avvalo, loyiha tashkilotchilaridan minnatdorman, – deydi tanlov gʻolibi Murod Fayziyev. – Bu tanlov men kabi koʻplab tengdoshlarimning boʻsh vaqtini ezgu ishlarga yoʻnaltirgani bilan ahamiyatlidir. Ijodiy ishlarimiz orqali kimgadir foydamiz tekkan boʻlsa, bu – eng katta yutugʻimiz. Oʻylaymanki, bu kabi tadbirlar yana davom etadi.
Tantanali tadbirda IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshligʻi, polkovnik Baxtiyor Berdialiev va boshqa soʻzga chiqqanlar bunday tadbirlarning xotin-qizlarimizning huquqiy madaniyatini oshirishda tutgan oʻrni haqida gapirib, unda, ayniqsa, yoshlarning faol ishtirok etganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Ichki ishlar hamda Adliya vazirliklari, «Istiqbolli avlod» tashkiloti masʼul xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Sherzod ABDUSAMADOV,
«Postda» muxbiri.
Abu KENJAYEV olgan suratlar.
