Tohir Malikning «Falak» qissasida insoniyat uchun abadiy oʻzgarmaydigan, bizni mudom mushohadaga undaydigan masalalar, qilmishu topmishlarimizning sabablari qalamga olingan. Jumladan, halollik va nafs oʻrtasidagi kurash, havas va hasad, muhabbat, doʻstlik va xiyonat, oilaviy qadriyatlar... 

Asar birinchi navbatda dunyo tan olgan astronom va matematik Mirzo Ulugʻbek hukmronlik qilgan Movarounnahr bilan bogʻliq tasavvurlarimizni boyitishga xizmat qiladi. Voqealar qissaning bosh qahramoni, kimyo va tibbiyot sohalaridagi ilmi bilan eʼtirof qozongan andijonlik Shamsibek tevaragida kechadi. Binobarin, u oʻqimoq istagida oʻsha zamonning maʼrifat markazi boʻlgan Samarqandga keladi va Mirzo Ulugʻbekning eʼtiboriga tushadi. Shamsibekning hamqishlogʻi Abdulvahob esa tubanlikka yuz tutadi. Chunonchi, otasi bilim olishi uchun yaratgan imkoniyatlardan foydalanmasdan, toliblik yoʻlidan chekinib, qalandarlik kulohini kiyadi. 

Uning fojeasi dunyoviylikni, Ulugʻbek tufayli mamlakatda yuz berayotgan oʻzgarishu taraqqiyotni qabul qilolmasligida edi. Mutaassibligi shu darajaga yetadiki, hukmdor va uning atrofida jamlangan fan ahlidan nafratlana boshlaydi. Ayni shu gʻaraz va hasad Shamsibekning joniga zomin boʻladi. Nazarimizda, muallif ushbu koʻngilsizlikni tasvirlash asnosida Mirzo Ulugʻbek qazosining asl sabablariga ishora qilmoqda.

Asardagi Gʻanimurod polvon va uning seviklisi taqdiri ham oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Jumladan, qarz evaziga boyvachchaga majburan uchinchi xotinlikka berilgan qizni Gʻanimurod olib qochadi. Voqealar polvonning belini sindirish, andak muddatdan soʻng uning oʻldirilishi, qizning esa aqldan ozishi va oʻzini choʻktirishi bilan rivojlanadi. 

Kitobni oʻqir ekansiz, nafsi yoʻlida har qanday qabihlikdan qaytmaydigan mulkdorning qilmishlari, uning taʼsiridan chiqa olmaydigan qozining shariat qonunlarini buzishdan choʻchimasligi, qishloq ahlining qoʻrquv sabab adolatsizliklarga koʻnib yashashi qalbingizda nafrat va achinish hislarini uygʻotadi. 

Qissada bugungi kun ham oʻz ifodasini topgan. Xususan, Shamsibek avlodi boʻlmish Nozimaning kechmishlari orqali qadriyatlarni unutish hamda moddiylikka asoslangan hayot oqibatlari moxirona aks ettirilgan. 

Xullas, «Falak» mushohadaga chorlaydigan, ortga oʻgirilishga, qilmishu qidirmishlarimizni haq tarozisiga solmoqqa undaydigan qissa.

Alijon ABDUSATTOROV,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.