Ayni kunlarda Jizzax viloyatida “Farovon kelajak sari” III respublika forumi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbir mamlakatimiz rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida Ichki ishlar vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tomonidan uyushtirildi. 

Respublikamizning barcha hududidagi ayollarni reablitasiya qilish va moslashtirish hududiy boʻlimlari rahbarlari, Jizzax viloyatidagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining xotin-qizlar boʻyicha masʼullari hamda ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan xotin-qizlar ishtirok etgan forumda asosiy eʼtibor xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, qonunbuzarliklarning omillarini aniqlash va bartaraf etishga qaratildi. 

Ayni maqsadda gender zoʻravonlik holatlarini aniqlash va mavjud muammolarga samarali barham berish koʻnikmalarini shakllantirish uchun ayollarni reablitasiya qilish va moslashtirish hududiy boʻlimlari xodimlari ishtirokida seminar-treninglar uyushtirildi. Jarayonda tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga huquqiy, psixologik, tibbiy, ijtimoiy koʻmak koʻrsatish, ayollarni kasb-hunarga oʻqitish, tadbirkorlikka yoʻnaltirish hamda bu borada davlat va jamoat tashkilotlari, xususan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha saboq berildi. 

Bundan tashqari, forumga taklif etilgan xotin-qizlar “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi doirasida Zomin tumani markazidagi Qayirma mahallasidan to Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli “Zomin” sogʻlomlashtirish oromgohigacha boʻlgan masofani bosib oʻtdilar. Shundan soʻng oromgoh hududida ular shaxmat-shashka, stol tennisi, voleybol, futbol, arqon tortish boʻyicha kuch sinashdilar. Yakunda gʻoliblar taqdirlandi. Sumalak sayli ham boʻlib oʻtdi. Oromgoh hududiga “Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. 

Xuddi shunday, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan buyumlar hamda taʼlim muassasalari, jumladan Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan viloyat koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchilarining tasviriy va xalq amaliy sanʼatiga oid koʻrgazmalari namoyish qilindi. Maktab-internat badiiy jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert yigʻilganlarga manzur boʻldi. Tadbirlarda respublika Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullaev qatnashdi. Forum oʻz ishini davom ettirmoqda.

 Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.