Kichik serjant Alisher Roʻzmetov Yangiariq tumanidagi Ostona qishlogʻida tavallud topgan.

  Termiz shahridagi harbiy qismlardan birida yigitlik burchini oʻtagan Alisher Vatan himoyasi naqadar muqaddas ekanligini yanada teranroq anglab yetadi. Xizmatdan qaytgach, Urganch avtomobil va yoʻllar texnikumida tahsil oladi. Oʻqishni tugatib, viloyat IIB kadrlar boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan nomzodlar tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etadi va PPX va JTSB PPX bataloniga xizmatga qabul qilinadi. U jamoat tartibini saqlash, belgilangan hududlar osoyishtaligini taʼminlashda sidqidildan xizmat qilib, hamkasblariga oʻrnak boʻldi. Yosh boʻlsa-da, xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshayotgan bu yigit sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda ham faol ishtirok eta boshladi.

  Qish oyi. Havo harorati keskin sovib ketishi natijasida koʻchalarda deyarli odamlar koʻrinmaydi. Odatdagidek, tungi xizmatga jalb etilgan safdor Alisher Roʻzmetov Urganch shahar “Namangan” koʻchasi boʻylab kelayotgan shubhali kimsalarga koʻzi tushdi. Tungi soat taxminan 3:00larda ularning qayerdan kelayotgani bilan qiziqqan Alisher zudlik bilan qoʻlidagi aloqa vositasi orqali yon tomondagi koʻp qavatli uylar oraligʻini koʻzdan kechirayotgan hamkasbini yordamga chaqiradi. Koʻp oʻtmay ular shubhali kimsalarga peshvoz chiqishdi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini soʻrashdi. Kutilmagan bu vaziyatdan sarosimaga tushgan yigitlardan biri qochmoqchi boʻldi. Ammo, hushyorlik bilan ularni kuzatib turgan safdor Alisher Roʻzmetov bunga yoʻl qoʻymadi. Xullas, shubhali kimsalar zudlik bilan shahar Iibga olib kelindi. Surishtiruvlar davomida maʼlum boʻlishicha, ushbu kimsalar muqaddam sudlangan urganchlik N. Sergey va B. Artur boʻlib chiqishdi. Ular oʻsha tunda “Namangan” koʻchasidagi xonadonlardan birida yashovchi Natalya ismli ayolning uy-roʻzgʻor buyumlarini oʻgʻirlab, xilvatroq joyga yashirishganini tan olishdi. Jabrlanuvchi K. Natalya jinoyatchilar qoʻlga olingani hamda oʻgʻirlangan buyumlari topilganidan xursand boʻlib, osoyishtalik posbonlariga minnatdorlik bildirdi.

     Kichik serjant Alisher Roʻzmetov bir necha yil viloyat IIB Axborot markazi hamda moddiy texnika va xoʻjalik boʻlimida xizmat faoliyatini davom ettirdi. Ustozlari podpolkovnik Oybek Rustamov, mayor Davron Jalolovlardan kasb sirlarini yanada chuqurroq oʻrganishga intildi.

  Ayni paytda u viloyat IIB Tashkiliy boshqarma navbatchilik qismi “102 tezkor xizmat” operatori vazifasida sidqidildan xizmat qilmoqda.

                                                                  Xudoybergan JABBOROV,

                                                                          “Postda” muxbiri.