Kuni kecha Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi munosabati bilan IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshinlariga qarashli 7251-harbiy qismda «Askar onalarini sharaflaymiz!» shiori ostida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda shaxsiy intizomi va xizmat vazifalarini vijdonan hamda namunali bajarishi orqali safdoshlariga oʻrnak boʻlib, Vatanimizga, Prezidentimizga, xalqimizga va oʻz qasamyodiga sodiqligini namoyon etib kelayotgan muddatli harbiy xizmatchilaridan 20 nafarining ota-onalariga qoʻshin qoʻmondoni va harbiy qism komandirining tashakkurnomalari va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Bugun esa mazkur harbiy jamoada «Yangi Oʻzbekiston armiyasi - mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir» shiori ostida «Ochiq eshiklar kuni» oʻtkazildi. Tadbirda poytaxtimizdagi Temurbeklar maktabi hamda Mirobod tumanidagi 218-maktab oʻquvchilari ishtirok etdi. Ularga Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatan himoyachilari ixtiyoridagi yangi texnikalar va texnologiyalar hamda harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida maʼlumotlar berildi. Ushbu tadbir koʻrgazmali mashgʻulot tarzida oʻtkazilib, harbiy xizmatchilarning oziq-ovqatlari, kiyim-kechaklari, harbiy texnika va jangovar qurol-yarogʻlari namoyish qilindi. Oʻquvchi yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga toʻliq va batafsil javoblar oldilar. Harbiy orkestr ishtiroki har ikkala tadbirga ham oʻzgacha, tantanavor ruh baxsh etdi.

Feruz SAIDOV,

mayor.