Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlari bilan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi tashkil etildi.Uning avvalida soʻzga chiqqan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻi, polkovnik Hamza Maxsumov kuni kecha mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Fargʻona viloyatida boʻlib oʻtgan tanqidiy-tahliliy ruhdagi Iivning kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishi tafsilotlari toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Jumladan, Yurtboshimizning soʻnggi yillarda huquq-tartibot tizimi faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalarini shaxsiy tarkibga yetkazdi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining soha faoliyatinini takomillashtirish borasida bildirgan taklif va tavsiyalariga, belgilab bergan vazifalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbir doirasida kino aktyor, huquqshunos va bloger Otabek Mahkamovning “Yuksaklik sari, tasodif boʻlmagan 100 ta uchrashuv” nomli kitobining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olgan muallif 18 yil davomida yozilgan 16 bobdan iborat ushbu kitobda dunyoning 52 ta davlatida istiqomat qilayotgan, hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishgan 100 nafar mashhur insonning faoliyati haqida hikoya qilinishini taʼkidladi. Eng mashhur davlat va jamoat arboblari, sportchilar, jurnalistlar, shifokorlar, shoir va yozuvchilar, teleboshlovchilar, bastakorlar hamda qoʻshiqchi va aktyorlar shular jumlasidandir.

Muallif 3 ta tilda nashr etilgan bu kitobning taqdimoti va koʻrgazmalari dunyoning koʻplab davlatlarida boʻlib oʻtayotgani, undan tushgan mablagʻlar saraton kasalligiga chalingan bolajonlarni davolashga sarflanishini bildirdi. Taqdimot yakunida eng yaxshi savol egasi va tadbir tashkilotchilariga muallif tomonidan ushbu kitob sovgʻa qilindi.

Mixli SAFAROV,

oʻz muxbirimiz.