Biryoʻla ham rahbarlik salohiyati, ham badiiy iqtidor hammaga ham nasib etavermaydi. Haydar Yahyoyev ana shunday tole nasib etgan insonlardan biri edi.
1927 yilning 9 yanvarida Samarqand shahrida, kosib oilasida tavallud topgan.
H. Yahyoyevning oʻsmirlik davri Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri keldi. 1945-yildan 1964-yilgacha huquq-tartibot idoralarida turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi. U 1964-yil 11-martda respublika Jamoat tartibini saqlash vaziri etib tayinlanadi. 1968-yilda esa ushbu vazirlik Ichki ishlar vazirligiga aylantiriladi.
Haydar Yahyoyev Ichki ishlar vazirligiga 15 yil mobaynida rahbarlik qiladi. Uning boshchiligida ichki ishlar idoralarining faoliyati takomillashtiriladi. Xususan, profilaktika xizmatida ijobiy oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Jazoni ijro etish muassasalarining ahvoli har tomonlama yaxshilanadi. 1966-yilgi Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf etishda, tabiiy ofat chogʻida aholiga yordam koʻrsatishda soha xodimlari faol ishtirok etishadi.
Ayniqsa, Haydar Yahyoyev rahbarligida tizimda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga alohida toʻxtalish joiz. Vazirlik va hududiy ichki ishlar organlari uchun yangi binolar qurilib, foydalanishga topshiriladi. Ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi. Katta yoʻllarda zamonaviy muntazam YPX maskanlari barpo qilinadi.
Haydar Yahyoyevga 1973-yilda «ichki xizmat general-leytenanti» maxsus unvoni beriladi. Huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida erishgan yutuqlari uchun bir qator orden-medallar bilan taqdirlanadi.
U yuksak salohiyatli rahbar boʻlishidan tashqari, yuqorida qayd etganimizdek, qalbi badiiy ijodga, sheʼriyatga oshno inson edi. Hatto adabiyot ilmi, ijod olami sirlarini chuqurroq oʻrganish uchun Samarqand davlat univesitetining filologiya fakultetida tahsil olgan edi. U oʻz ijodida ota-onani, yor va diyorni, odamiylikni, doʻstlikni vasf qildi. Filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonov «Uch neʼmat sohibi» kitobida taʼkidlaganidek, «Oʻzbek adabiyotida falsafiy mazmundagi sheʼrlari, dilbar gʻazallari bilan ajralib turadigan shoirlardan biri Haydar Yahyoyevdir. Shoirning asarlari nihoyatda sodda, ayni paytda mushohadaga chorlovchi falsafaga boyki, xuddi qoʻshiq kabi quyilib kelaveradi. Shu boisdan boʻlsa kerak, oʻz davrida juda koʻp hofizlarimiz Haydar Yahyoyev sheʼrlari asosida ajoyib taronalar yaratishgan».
Hozirgi keksa va katta avlod vakillari oʻz yoshligini eslaganida shoirning sheʼrlari asosida maromiga yetkazib ijro etilgan «Oʻtgan kechalar», «Kuylar», «Soʻrang», «Ul goʻzal Fargʻonadan» kabi koʻplab qoʻshiqlarni hali ham xirgoyi qilib turishsa kerak.
U oʻz ijod namunalarini jamlab, bir necha bor kitob holida ham chop ettirgan edi. «Gʻazalim, senga», «Nido», «Devon», «На всю жизнь», «Tilsim» kabi toʻplamlari shular jumlasidandir.
Haydar Yahyoyev hayot boʻlganida bu yil tabarruk 95 yoshga toʻlgan boʻlardi. Uning yorqin xotirasi yaqinlari, shogirdlari, ichki ishlar organlari xodimlari, qolaversa, sheʼriyat ixlosmandlari, qoʻshiq shinavandalari yodida hamon yashamoqda.
Bobomurod TOSHEV.
