Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Bugun ilm-fan, zamonaviy axborot texnologiyalari tobora taraqqiy etib bormoqda. Xususan, raqamli texnologiyalar kirib bormagan soha qolmadi hisob. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish aholiga koʻplab qulayliklarni yaratadi, ularning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qiladi. Shu bois aholi turmush darajasini yanada oshirish uchun barcha jabhalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.
Soʻnggi yillarda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan ham tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etish, fuqarolarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun qulay sharoitlarni yaratishdek muhim va dolzarb masalaga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 12 fevral kuni boʻlib oʻtgan Ichki ishlar vazirligi hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida tizimning barcha boʻgʻinlarida qogʻozbozlik va byurokratiyani keskin kamaytirish, ish yuritishni raqamlashtirish borasida topshiriq bergan edi. Ana shu maqsadda Ichki ishlar vazirligida axborot texnologiyalari boʻyicha alohida vazir oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Qolaversa, Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi «Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonida ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Avvalo, farmonga binoan ichki ishlar organlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan «yoʻl xaritasi» tasdiqlanganligini taʼkidlash joiz. Eʼtiborli jihati, ushbu «yoʻl xaritasi»ning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida tizim faoliyatiga raqamli va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish belgilangan. Albatta, bundan koʻzlangan maqsad fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun qulay sharoitlarni yaratish, davlat organlari va idoralarida ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiyani, inson omilini kamaytirish, shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, pirovardida esa, xizmat samaradorligini oshirishga erishish hisoblanadi.
Joriy yilda mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyatida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni roʻyxatga olish «102» tizimi tubdan takomillashtirilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda ishga tushirildi. Xuddi shuningdek, ayni paytda fuqarolikni rasmiylashtirish masalasini takomillashtirish maqsadida jahon tajribasiga muvofiq yaratilgan ID-kartalar va ularni shakllantirishning dasturiy-texnik platformasidan samarali foydalanilmoqda.
Hozirgi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasiga, aniqrogʻi, profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. «Smart mahalla» mobil axborot tizimi yaratilganini ana shu eʼtibor natijasi deya baholash mumkin. Ushbu axborot tizimi sektorlarga masofadan turib murojaat yuborish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, profilaktika inspektorlarining aholi bilan oʻzaro tezkor muloqotini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beradi.
Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov tariqasida joriy etilgan «Smart mahalla» mobil axborot tizimini joriy yil yakuniga qadar respublikamizning barcha hududlarida amalga tatbiq etish koʻzda tutilgan.
Aytish joizki, hozirgi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini toʻliq raqamlashtirishga moʻljallangan «E-huquq-tartibot» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar ham olib borilmoqda. Ushbu kompleks keng qamrovli boʻlib, oʻz navbatida, «E-Inspektor», «E-Hisobot» hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari faoliyatini baholash tizimlarini oʻz ichiga olishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash har doim dolzarb ahamiyatga ega boʻlib kelgan. Ayniqsa, avtotransport vositalari soni va oqimi oshib borayotgan hozirgi vaqtda sohaga zamonaviy raqamli va axborot texnologiyalarini joriy etish mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga molik, albatta.
«Smart mahalla» mobil axborot tizimi foydalanuvchisi «Hudud geo-xaritasi» menyusi orqali yoʻl-transport hodisalari haqidagi maʼlumotlarni hududlar kesimida, davr oraligʻida kuzatish imkoniga ega.
Hozirga qadar yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-videofiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi investitsion loyihasi doirasida Fargʻona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida mobil va qoʻzgʻalmas komplekslar joriy qilindi. Ayni paytda mazkur yoʻnalishda qoʻshimcha ravishda tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Loyihaning toʻliq va sifatli amalga oshirilishi sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda, turli xil qoidabuzarliklar, ayniqsa, tezlik bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari sezilarli darajada kamayishi, jinoyatlarning «issiq izida» fosh etilishi samaradorligi oshishiga imkon yaratadi. Shuningdek, yoʻllarda avtotransport oqimini toʻliq monitoring va tahlil qilishga erishiladi.
Bundan tashqari, yoʻl harakati xavfsizligi faoliyatida foydalanilayotgan, joriy qilinishi rejalashtirilayotgan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini yagona platformada birlashtirish maqsadida muayyan amaliy ishlar olib borilmoqda. Yaʼni, «Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi»ni yaratish uchun saʼy-harakatlar boshlangan.
Shu bilan bir qatorda, «E-Kadr», «E-Med», «E-Arxiv», probatsiya xizmatining markazlashgan elektron bazasi, shaxsning genomiga oid maʼlumotlar, profilaktik hisob, litsenziyalash faoliyati, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar kabi 10 dan ortiq axborot tizimlari yaratilishi va ichki ishlar organlari faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Kelgusida tizimga ilgʻor axborot texnologiyalarini izchil joriy etish boʻyicha qator yirik loyihalarni bajarish koʻzda tutilgan. Ushbu loyihalar yuqorida taʼkidlangan tizimlar uchun fundament hisoblanadi. Ular yordamida ichki ishlar organlari lokal va himoyalangan korporativ tarmoq infrastrukturasi bosqichma-bosqich tubdan takomillashtiriladi. Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi yaratilib, ishga tushiriladi. Soha faoliyatiga yagona elektron hujjat almashinuvi tizimi joriy qilinadi. Bu, oʻz navbatida, fuqarolarga samarali interaktiv davlat xizmatlarini taqdim etish, ijro intizomini nazorat qilish, axborot xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish kabi hozirgi kundagi eng dolzarb masalalarni hal etishga xizmat qiladi.
Eng muhim jihati shundaki, soʻnggi uch yil ichida ichki ishlar organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida malakali mutaxassislar soni sezilarli darajada ortdi. Muhandislik tadqiqot ishlarini amalga oshirish, maʼlumotlar uzatish tarmoqlarini joriy qilish, hattoki dasturiy taʼminotlarning ishlab chiqilishi ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, xodimlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda, xizmat faoliyatini avtomatlashtirish, raqamlashtirish huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda tezkorlikni oshirish, faoliyatda inson omilini kamaytirish masalalarida kutilgan samarani beradi.
Umidjon ADIZOV,
IIV Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasi boʻlinma boshligʻi,
katta leytenant.
