IIV Malaka oshirish instituti Bektemir bazasida oʻquv-yigʻini tinglovchilarining maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini oshirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent viloyati boʻlimi xodimi Olloyor Bobonov ishtirokida ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

O.Bobonovning Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari yetuk siymolar, ularnig yurt mudofaasi va ona Vatan ravnaqi yoʻlida olib borgan buyuk xizmatlari haqida keltirgan tarixiy misollari tinglovchilarni moziyga qaytishga undagan boʻlsa, shoir Bobur Bobomurodning Vatan, ota-ona, sevgi-muhabbat, oqibat mavzusida aytgan sheʼrlari yigʻilganlarning eʼtirofiga sazovor boʻldi. 

– Bugungi uchrashuv chin maʼnoda tarix va adabiyot kechasiga aylandi, – deydi 15 guruh tinglovchisi Jahongir Yoʻldoshev. – Unda aytilgan har bir fikr va ibora biz uchun muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻylaymizki, bu kabi ijodiy uchrashuvlarning doimiy oʻtkazilishi kelgusi xizmat faoliyatimizda albatta, ijobiy samarasini beradi. 

Sherzod ABDUSAMADOV,

«Postda» muxbiri.