Bugungi kunda isteʼdodli yoshlarimizni qoʻllab - quvvatlash va ularni ragʻbatlantirishga hukumatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida ayniqsa sanʼat va madaniyat sohalarida oʻzlarining qobiliyatlarini namoyon qilayotgan yoshlarimiz safi kundan kunga kengayib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xorazm akademik litseyida ilmga chanqoq yoshlar bilan bir qatorda serqirra ijodkor yoshlar ham tahsil olmoqda. Akademik litseyning 1- bosqich oʻquvchisi Skarlet Ishniyazova ham tasviriy sanʼat yoʻnalishining turli janrlarida moʻyqalam tebratib kelayotgan iqtidorli yoshlardan hisoblanadi. Uning birinchi shaxsiy rasmlar koʻrgazmasi akademik litsey fayesida ota-onalar, ustozlari va u bilan tengdosh oʻquvchilar eʼtiboriga namoyish etildi. Yosh ijodkor Skarlet Ishniyazova turli mavzularga murojaat qilgan. Jumladan koʻz ilgʻamas tabiat moʻjizalari, jonli hayvonot olami-yu, tarixiy shaxslar va yurtimizning betakror meʼmoriy obidalarini mohirona tasvirlagan.

  Ushbu rasmlar galereyasi oʻquvchilarga maʼnaviy hordiq hamda estetik zavq ulashish bilan birga barchada katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, uning ilk professional ijodiy ishlaridan biri boʻlgan onasining portreti koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi. Koʻrgazma soʻngida Skarlet ushbu portretni mehmonlar guvohligida onasiga sovgʻa qilganligi nafaqat tomoshabinlar balki onasining qalbini ham quvonchga toʻldirdi. Yosh ijodkor Skarlet Ishniyazovaning ijodiy faoliyatiga ulkan parvozlar tilaymiz!

                                                

                                                                     Elyorbek MATYOQUBOV,

                                                               IIV Xorazm akademik litsey direktori  

                                                          oʻrinbosari.